
2027-yilgi Chevrolet Bolt elektromobili egalari harakat vaqtida old oyna yaqinidan keladigan taqillash yoki titrashga o‘xshash ovozni sezishi mumkin. General Motors ushbu muammoning ehtimoliy sababini tushuntirib, uni bartaraf etish bo‘yicha servis ko‘rsatmasini e’lon qildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, shovqin avtomobil notekis yo‘ldan o‘tayotganda paydo bo‘lishi va deyarli istalgan tezlikda eshitilishi mumkin.
Muammo orqa ko‘rish oynasi yaqinida bo‘lishi mumkin
GM mutaxassislarining fikricha, shovqinga orqa ko‘rish oynasi ortida joylashgan old oyna ko‘p funksiyali sensori kronshteyni qopqog‘idagi bo‘shashgan detal sabab bo‘lishi mumkin.

Agar Chevrolet Bolt’da shu turdagi shovqin kuzatilsa, servis mutaxassislari avvalo qopqoq ichidagi detalni va uni ushlab turuvchi mahkamlash qismlarini tekshirishi kerak.
Shuningdek, orqa ko‘rish oynasi o‘rnatilgan hududdagi boshqa detallar ham bo‘shashmaganiga ishonch hosil qilinadi.
Muammo kichik lenta yordamida bartaraf etiladi
Agar qopqoq ichidagi detal bo‘shashgani aniqlansa, uni servis tartibiga muvofiq chiqarib olish kerak. Shundan so‘ng uning oldingi mahkamlash qismlariga har biri 6,5 × 6,5 mm o‘lchamdagi va 1 mm qalinlikdagi ikkita kichik namat yoki flocking lenta bo‘lagi yopishtiriladi.
Detal qayta o‘rnatilgach, mutaxassislar taqillash ovozi yo‘qolganini tekshiradi. Mazkur tartib GM’ning 26-NA-201-sonli servis byulletenida keltirilgan.
Chevrolet Bolt’ning yangi avlodi
2027-yilgi Chevrolet Bolt modelning ikkinchi avlodiga mansub. Elektromobil avvalgi versiyaga nisbatan yangilangan tashqi dizayn va qayta ishlangan interyerga ega.

Model GM BEV2 platformasida qurilgan hamda 65 kVt/soat sig‘imli LFP turidagi GM Ultium batareyasi bilan jihozlangan.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil bir quvvatlashda 262 mil, ya’ni qariyb 422 km masofani bosib o‘ta oladi.
Ishlab chiqarish 18 oy davom etadi
Chevrolet Bolt AQShning Kanzas-Siti shahridagi Fairfax Assembly zavodida ishlab chiqariladi. Manbaga ko‘ra, 2027-yilgi modelning ishlab chiqarish davri nisbatan qisqa bo‘lib, taxminan 18 oy davom etadi. Shundan keyin Chevrolet Bolt ishlab chiqarilishi yana to‘xtatilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honda yo‘lda ketayotganda elektromobilni quvvatlashi haqida yozgan edi.