Honor X9e Pro 15,5 metr chuqurlikda sinovdan o‘tdi

6-oktabr 2026 08:41 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Honor X9e Pro 15,5 metr chuqurlikda sinovdan o‘tdi
Foto: Videodan ekran tasviri

Honor X9e Pro smartfoni Rossiyada sotuvlar boshlanishidan oldin Barens dengizida suv osti sinovidan o‘tkazildi. Qurilma uchta nusxada 15,5 metrgacha chuqurlikka tushirilgan va sinovdan so‘ng ularning barchasi ishlashda davom etgan.

Sinov Kola yarimoroli yaqinida ikki kun davomida o‘tkazilgan. Smartfonlar yordamida suv ostida foto va video tasvirlar olingan.

Smartfonlar suv ostida 7 soatdan ortiq qolgan

Dengiz suvining harorati 7 darajadan oshmagan. Birinchi kuni fridiverlar Retinskoye tashlandiq posyolkasi yaqinidagi cho‘kib ketgan kemalar hududida 13 metrgacha chuqurlikka tushgan.

Ikkinchi kuni esa akvalangchilar Titovka hududidagi suv osti olamini tasvirga olgan. Ayrim sho‘ng‘ishlar 2,5 metrdan 15,5 metrgacha chuqurlikda bo‘lib, ularning davomiyligi 2 daqiqadan 15 daqiqagacha yetgan.

Umuman olganda, smartfonlar suv ostida yetti soatdan ortiq vaqt o‘tkazgan. Har bir sho‘ng‘ishdan keyin qurilmalar chuchuk suv bilan yuvilgan.

Korpus bo‘limlarga ajratilgan

Honor ma’lumotiga ko‘ra, X9e Pro korpusi bir nechta alohida bo‘limlarga ajratilgan. Agar suv bo‘limlardan biriga kirsa, uning boshqa qismlarga tarqalishini cheklash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qurilmaning tashqi qismi germetikligi ham kuchaytirilgan.

Suv ostida alohida rejim ishlaydi

Honor X9e Pro’da suv ostida tasvirga olish uchun maxsus «Suv ostida» rejimi mavjud. Smartfon suvga tushirilgach, tasodifiy bosilishlarning oldini olish uchun ekran bloklanadi. Foto va videoni esa ovoz balandligini boshqarish tugmalari orqali olish mumkin.

Bu usul smartfonni qo‘lqop bilan ham boshqarish imkonini beradi. Mazkur rejimda tasvirlar uchun alohida rang korreksiyasi profili qo‘llanadi.

Dinamikdagi suv avtomatik chiqariladi

Qurilma suvdan chiqarilgach, dinamiklar ichidagi suvni chiqarish tizimi avtomatik ravishda ishga tushadi.

Ishlab chiqaruvchi bu yechim suv ostida foydalanishdan keyin ovoz tizimini tezroq tiklashga yordam berishini bildirgan.

Sotuvlar 15-oktabrda boshlanishi kutilmoqda

Honor X9e Pro sotuvi 15-oktabrda boshlanishi kutilmoqda. Smartfonning narxi hozircha e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor Magic 9 sun’iy intellekt smartfoni sifatida sertifikat olgani haqida yozgan edi.

Shuningdek