Ilon Mask yana trillionerga aylandi — Forbes

Forbes bahosiga ko‘ra, Ilon Maskning boyligi 5-oktabrga kelib $1 trln ga yetdi. Uning kapitali 2-oktabrdan buyon $30,6 mlrd ga oshgan. Bunga Tesla va SpaceX aksiyalarining qimmatlashishi asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Bir necha kunda boyligi $90 mlrddan ko‘proqqa oshdi
Ilon Mask dunyoning eng boy odami sifatidagi yetakchiligini saqlab qolmoqda. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, undan keyingi o‘rinda qariyb $371,1 mlrd boylik bilan Jeff Bezos turibdi.
2-oktabrning o‘zida Maskning boyligi $61 mlrd ga oshgan. Bunga Tesla’ning choraklik avtomobil yetkazib berish ko‘rsatkichlari tahlilchilar prognozidan yuqori chiqqani sabab bo‘lgan.
Tesla va SpaceX aksiyalari qimmatlashdi
5-oktabr kungi ertalabki savdolarda Tesla aksiyalari 1 foizdan ko‘proqqa oshdi.
SpaceX aksiyalari esa 5 foizdan ziyod qimmatlashib, bir dona aksiya narxi $167 ga yetdi. Morgan Stanley kompaniya aksiyalarini yetarlicha baholanmagan deb hisoblagani ham o‘sishga ta’sir ko‘rsatgan.
Mask avval ham $1 trln chegarasidan o‘tgan
Mask ilk bor iyun oyida SpaceX Nasdaq birjasiga chiqqanidan so‘ng trillionerga aylangan edi. Keyinchalik Tesla va SpaceX aksiyalari arzonlashishi ortidan uning boyligi $1 trln dan pastga tushdi.
SpaceX kotirovkalarini kompaniyaning o‘tgan haftadagi Starship’ni ilk bor muvaffaqiyatli orbitaga chiqarishi ham qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink ayrim hududlarda 50 foiz arzonlashgani haqida ma’lumot berilgandi. Aksiya Tennessi shtatining Memfis shahri va unga qo‘shni Missisipi shtatidagi Sautheyven aholisi uchun amal qilmoqda.