Interpol qidiruvidagi 6 o‘zbekistonlik BAAdan ekstraditsiya qilindi

eʼlon qilindi
Ular turli og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan
Foto: IIV

Birlashgan Arab Amirliklaridan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekistonning olti nafar fuqarosi mamlakatga ekstraditsiya qilindi. Ular turli og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Yil boshidan 16 kishi O‘zbekistonga qaytarildi

Ekstraditsiya Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi va BAAning tegishli byurosi hamda ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilgan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tashabbusi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan 16 nafar shaxs BAA hududidan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Ikki davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytirilmoqda

IIV ushbu natijaga ikki davlat Interpol byurolari o‘rtasidagi axborot almashinuvi va bevosita ishchi aloqalar orqali erishilganini bildirgan.

Xususan, ikki davlat vakillari Interpol Bosh Assambleyasi, Milliy markaziy byurolar rahbarlari uchrashuvlari va boshqa xalqaro tadbirlar doirasida muntazam muzokaralar olib bormoqda.

IIVga ko‘ra, bu aloqalar xorijda yashirinib yurgan shaxslarning joylashuvini aniqlash, ularni qidirish va O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni tezkor muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.

Qidiruvdagi shaxslarni qaytarish davom ettiriladi

O‘zbekistonning Interpol Milliy markaziy byurosi xorijda yashirinib yurgan shaxslarning joylashuvini aniqlash va ularni qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. IIV olti nafar fuqaroning shaxsi hamda ular gumon qilinayotgan jinoyatlar tafsilotlarini ochiqlamagan.

Avvalroq O‘zbekiston va Gruziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaro ekstraditsiya qilingandi.

Shuningdek