Isroil Flydubai samolyotini urib tushirmoqchi bo‘lgan

Isroil Flydubai’ning Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan FZ1073 reysi bortidagi uchuvchiga hujumdan so‘ng samolyotni urib tushirish ehtimoliga tayyorlangan. Bortda 150 nafardan ortiq isroillik yo‘lovchi bo‘lgan. Bu haqda CBS News Isroil vaziyatidan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi.
Isroil qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘targan
30-sentabr kuni FZ1073 reysi Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan paytda ikkinchi uchuvchi kapitan kabinasida unga hujum qilgan. Samolyot qisqa vaqt ichida qariyb 14 ming futga pasaygan va ekipajning aloqaga chiqmagani Isroil tomonida xavotir uyg‘otgan.
CBS manbalariga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘targan va mamlakat havo hududi yopilgan. Vaziyat bo‘yicha oldindan belgilangan favqulodda qo‘mita ham ishga tushirilgan.
Biroq samolyot Isroildan taxminan 640 kilometr uzoqlikda Saudiya Arabistoni tomon burilgach, Isroil qiruvchilarini qaytarib olgan. Saudiya tomoni ham o‘z qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.
Samolyotni yo‘lovchilar va ekipaj qutqargan
CBS ma’lumotlariga ko‘ra, kapitan hujum qilgan ikkinchi uchuvchiga qarshilik ko‘rsatib, kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin yo‘lovchilar va Flydubai xodimlari hujum qilgan uchuvchini zararsizlantirgan.
Reysda bo‘lgan ikki nafar iste’fodagi uchuvchi ham samolyotni boshqarishga yordam bergan. Natijada Boeing 737 MAX Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga favqulodda qo‘ndirilgan.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida 170 nafardan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hodisa vaqtida ikkinchi uchuvchi kapitaniga favqulodda bolta bilan hujum qilgani va samolyotni qulatishga uringani BAA rasmiylari tomonidan terrorchilik hujumi sifatida tasniflangan.
Isroil samolyotni qachon urib tushirishi mumkin edi
CBS suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, agar samolyot Isroil tomon uchishda davom etganida, qiruvchi samolyotlar unga yaqinlashib, kabina va salon holatini vizual tekshirishi kerak edi.
Agar samolyot olib qochilgani aniqlansa, ekipaj radioaloqaga chiqmasa va samolyot Isroil hududidagi muhim obyektlarga xavf tug‘dirishda davom etsa, masala mudofaa vaziri va bosh vazir ishtirokidagi favqulodda qo‘mitaga olib chiqilishi mumkin edi.
Manbalarning ta’kidlashicha, amaldagi protokol bunday holatda yo‘lovchi samolyotini urib tushirish imkoniyatini ham nazarda tutadi. Yakuniy qarorni esa faqat bosh vazir qabul qilishi mumkin.
CBS’ga ko‘ra, bunday qaror samolyotning aeroport, Azrieli minoralari yoki boshqa muhim obyektga urilishi oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan kattaroq talafotning oldini olish maqsadida ko‘rib chiqiladi.
Hujum bo‘yicha tergov davom etmoqda
Isroil manbalariga ko‘ra, hujum qilgan ikkinchi uchuvchi O‘mon fuqarosi Hammam al-Hammami bo‘lgan va tergovning dastlabki bosqichida uning hujumni yolg‘iz amalga oshirgani taxmin qilinmoqda. Biroq tergov hali yakunlanmagan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, BAA rasmiylari hodisani terrorchilik hujumi sifatida tekshirmoqda. Tergov doirasida hujumning sababi va boshqa shaxslarning ehtimoliy aloqasi ham o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotining ikkinchi uchuvchisi kema komandiriga favqulodda vaziyatlar boltasi bilan hujum qilib, terakt amalga oshirishga uringandi.