Ko‘mir uchun kompensatsiya qanday to‘lanadi

2026 – 2027-yillarda mycoal.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali ko‘mir xarid qilgan va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga kompensatsiya to‘lanadi. Har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m beriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Bir kalendar yil davomida bir oilaga beriladigan kompensatsiyaning umumiy miqdori 600 ming so‘mdan oshmaydi.
Kompensatsiya qanday tayinlanadi
Ko‘mir mycoal.uz orqali xarid qilingani haqidagi ma’lumotlar tegishli axborot tizimiga yuboriladi.
Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘mir xarid qilgan oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoki kiritilmaganini tekshiradi.
Talablarga mos oilalar bo‘yicha to‘lov ro‘yxati shakllantiriladi va kompensatsiya ijtimoiy karta yoki bank kartasiga o‘tkaziladi.
Kompensatsiya olish uchun ko‘mir mycoal.uz orqali xarid qilingan, yetkazib berilgan va uning uchun to‘lov amalga oshirilgan bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil yarmida elektr va gaz xarajatlari uchun 92 mlrd so‘m kompensatsiya berilgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gazdan belgilangan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qism uchun tariflar o‘rtasidagi farq qoplab beriladi.