Malayziya shahzodasi O‘zbekistonga keldi — o‘zbek olimlari Malayziyadagi loyihaga jalb qilinadi

Malayziyaning Perlis shtati shahzodasi Sayid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayid Sirojiddin Jamalullayl boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. Mehmonlar markaz ekspozitsiyasi va unda namoyish etilgan tarixiy materiallar bilan tanishdi. Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziya tomoni o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Ushbu hamkorlik ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda tarixiy-madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan.
O‘zbek olimlari Malayziyadagi yangi muzey loyihasida qatnashadi
Uchrashuv davomida Malayziyada to‘rt mazhabga bag‘ishlangan muzey tashkil etish rejasi ham muhokama qilindi. Loyiha doirasida O‘zbekiston olimlari va mutaxassislarining tajribasidan ham foydalanish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» Malayziyaning O‘zbekistonga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Rafeda binti Abdul Azizga ishonch yorlig’i topshirilgani haqida yozgan edi.