O‘zbekistonliklar nimalarga pul sarflamoqchi — tahlil

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 76 foizi kelgusi davrda xarajatlari ko‘payishini kutmoqda. Aholi asosan uy-joy ta’miri, ta’lim va davolanishga ko‘proq mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda.
2026-yil II choragida xarajatlar subindeksi 77,2 punktni tashkil etdi. Bu birinchi chorakka nisbatan 0,9 punktga kam bo‘lsa-da, Markaziy bank aholining iste’mol faolligi yuqori darajada saqlanayotganini qayd etgan.
Pul, asosan, nimaga sarflanadi
Barcha daromad guruhlarida uy-joy ta’miri asosiy xarajat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ta’lim va davolanish ham aholining asosiy rejalari qatoridan joy olgan.

Daromad oshgani sari avtomobil, sayohat va uy-joy xaridiga pul sarflashni rejalashtirayotganlar ulushi ham ko‘paygan.
Shuningdek, o‘qing: O‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘m: eng yuqori maosh qayerda
Masalan, oyiga 20 – 30 mln so‘m daromad oladiganlarning 18 foizi sayohatga, 16 foizi avtomobilga va 15 foizi uy-joy xaridiga pul sarflashni rejalashtirgan.
30 mln so‘mdan ko‘p topadiganlar nimaga pul sarflamoqchi
Oyiga 30 mln so‘mdan yuqori daromad oladigan respondentlarning 32 foizi sayohatga, 30 foizi uy-joy ta’miriga, 19 foizi avtomobilga va 17 foizi uy-joy xaridiga mablag‘ ajratishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklarning 66 foizi daromadi oshishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.