Quyoshda juda kuchli portlash qayd etildi

Quyoshda so‘nggi bir oy ichidagi eng kuchli chaqnash kuzatildi. 5-oktabr kuni yulduz yuzasidagi faol hududlardan birida M1.0 darajasidagi chaqnash kuzatilgan. Bu 5-sentabrdan beri qayd etilgan eng kuchli quyosh chaqnashi bo‘ldi. Bu haqda Avstraliya kosmik ob-havo xizmati ma’lum qildi.
Quyoshdagi faollik yana kuchaymoqda
M1.0 darajasidagi chaqnash 5-oktabr kuni soat 18:48 UTC da, ya’ni Toshkent vaqti bilan 23:48 da maksimal darajaga yetgan. U AR4545 faol hududida yuz bergan va R1 darajasidagi radioaloqa buzilishiga sabab bo‘lgan.
Mutaxassislar ayni paytda Quyoshning ko‘rinib turgan qismida bir nechta faol dog‘lar guruhi shakllanayotganini qayd etmoqda. NOAA ma’lumotlariga ko‘ra, AR4545 bilan birga AR4549 ham so‘nggi 24 soat ichida rivojlangan. AR4549 magnit jihatdan murakkab hudud sifatida qayd etilgan.
X-chaqnash ehtimoli hozircha past
Quyosh chaqnashlari A, B, C, M va X sinflariga bo‘linadi. M1.0 hodisasi o‘rtacha darajadagi chaqnash hisoblanadi va hozircha Yer uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan hodisa sifatida baholanmayapti.
6-oktabr uchun rasmiy prognozda quyosh faolligi past darajada bo‘lishi, M-klassdagi chaqnash ehtimoli past, X-klassdagi chaqnash ehtimoli esa juda past ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, hozircha Yerga yo‘nalgan koronal massa otilishi (CME) tasdiqlanmagan.
Shu sababli Quyoshdagi hozirgi faollikni X-klassdagi kuchli chaqnashga olib keladigan jarayonning boshlanishi sifatida baholashga hali erta. Buning uchun faol hududlarning keyingi kunlarda qanday rivojlanishi muhim bo‘ladi.
Yerga qanday ta’sir qilishi mumkin
Kuchli quyosh chaqnashlari Yerning ionosferasiga ta’sir qilib, radioaloqada vaqtinchalik uzilishlar keltirib chiqarishi mumkin. M1.0 hodisasi ham R1 darajasidagi, ya’ni yengil radioaloqa buzilishi bilan bog‘langan.
Hozircha geomagnit sharoitlar keskin emas: 6-oktabr kuni global geomagnit faollik, asosan, tinch va beqaror darajalar oralig‘ida bo‘lgan.
Avvalroq Buyuk Britaniyada Quyosh tutilishidan keyin «ko‘zim og‘riyapti» mazmunidagi Google qidiruvlari 1 500 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.