Benzin, go‘sht va sabzavotlar qimmatlashdi: sentabrda inflyatsiya tezlashdi

eʼlon qilindi
Pomidor va sabzi sezilarli qimmatlashdi
INI
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yil sentabr oyida oylik inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi. Avgustda bu ko‘rsatkich 0,2% edi. Yillik inflyatsiya esa 6,2 foizdan 6,4 foizgacha ko‘tarildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3%, xizmatlar esa 0,9%ga qimmatlashdi. Yillik hisobda oziq-ovqat narxlari 6,3%, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,8%, xizmatlar 7%ga oshgan.

Pomidor va sabzi sezilarli qimmatlashdi

Sentabr oyida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xususan:

  • pomidor — 14,2%;
  • bodring — 13,5%;
  • sabzi — 12,4%;
  • bulg‘or qalampiri — 4,9%;
  • tuxum — 5,3%;
  • piyoz — 2,6%;
  • suyakli mol go‘shti — 1,7%;
  • qo‘y go‘shti — 1,3%;
  • suyaksiz mol go‘shti — 1,1%;
  • guruch — 1%;
  • sut — 0,8%;
  • sariyog‘ — 0,8%.

Shakar narxi esa bir oyda o‘rtacha 0,9 foizga arzonlashdi.

Ayrim mevalar arzonlashdi

Mavsumiy omillar ta’sirida sentabr oyida bir qator meva narxlari pasaydi. Sitrus mevalar 12%, uzum 5,7%, olma 2,4%, banan esa 1,7 foizga arzonlashdi.

Benzin va propan ham qimmatlashdi

Sentabr oyida benzin narxlari o‘rtacha 1,2 foizga oshdi. AI-92 markali benzin 0,7%, AI-95 — 4,2%, AI-98 va AI-100 esa 0,4 foizga qimmatlashdi.

Propan narxi bir oyda 4,2 foizga oshdi. Metan narxida esa o‘zgarish kuzatilmadi. Yillik hisobda propan 48,9%, benzin o‘rtacha 20,1% qimmat bo‘lgan.

Statistika qo‘mitasi hisob-kitoblariga ko‘ra, sentabrda AI-92 benzinining bir litri 10,5 mingdan 17 ming so‘mgacha, AI-95 — 13,5 mingdan 21,5 ming so‘mgacha, AI-98 va AI-100 esa 16,5 mingdan 28 ming so‘mgacha bo‘lgan. Propanning yuqori narx chegarasi bir litr uchun 10 ming so‘mni tashkil etgan.

Suv va uy-joy xizmatlari narxi oshdi

Kommunal xizmatlar orasida sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,1 foizga qimmatlashdi. Bunga asosan Surxondaryo viloyatidagi tariflar oshishi ta’sir qilgan.

Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish narxi 0,6 foizga ko‘tarildi. Oy davomida ko‘mir 0,3%, o‘tin esa 0,8 foizga qimmatlashgan.

Bog‘cha va OTM kontrakti ham qimmatlashdi

Sentabrdan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun to‘lovlar o‘rtacha 6,8 foizga oshdi. Xususiy bog‘chalar xizmatlari esa 1,7 foizga qimmatlashdi.

Xususiy maktablarda o‘qish narxi o‘rtacha 6 foizga, davlat OTMlaridagi kontrakt to‘lovlari esa 6,3 foizga ko‘tarildi. Repetitorlik xizmatlari 1,9%, chet tili kurslari 1,8 foizga qimmatlashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklarning 66 foizi daromadi oshishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek