Toshkentdagi kompyuterxonada yashirin saqlangan maymun topildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Qorasuv-6 dahasida joylashgan kompyuterxona yerto‘lasida maymun saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Ushbu holat Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekopolitsiyasining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi xodimlari o‘tkazgan reyd davomida aniqlangan.
Maymun hayvonot bog‘iga topshirildi

Tegishli choralar ko‘rilgach, maymunning xavfsizligi va keyingi parvarishini ta’minlash uchun u Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Ekologiya boshqarmasi yovvoyi hayvonlarni tegishli sharoit va mutaxassislar nazoratisiz saqlash ularning sog‘lig‘i hamda hayotiga, shuningdek, atrofdagilar xavfsizligiga xavf tug‘dirishi mumkinligini eslatdi.
Avvalroq «Kursiv» Qashqadaryoda ekopolitsiya xodimlari hujumga uchragani haqida yozgan edi.