15 mln dollar: O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi nima beradi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kursiv Uzbekistan bu haqda ekspert bilan suhbatlashdi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sentabr oyida Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan mamlakatda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish imkoniyatini muhokama qilgan edi. Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) monetizatsiya yo‘lga qo‘yilsa, videoblogerlar platformada yiliga $28,8 mlndan $50,4 mlngacha daromad olishi mumkinligini hisoblagan edi. Kursiv Uzbekistan ushbu baho qanchalik real ekanini, YouTube aslida qancha daromad keltirishi mumkinligini, mualliflar hozir qanday pul topayotgani va O‘zbekiston YouTube Partner Program’ga qo‘shilgach nimalar o‘zgarishini aniqlashga harakat qildi. Bu haqda Yoola operatsion direktori va YouTube Relations yo‘nalishi rahbari Igor Shevchenko bilan suhbatlashdik.

Bozor bahosi

— Rasmiy monetizatsiya ishga tushirilgach, O‘zbekistondagi YouTube mualliflari birgalikda yiliga $50 mlngacha daromad olishi mumkinligi haqidagi baho qanchalik real? Sizningcha, bozorning potensial hajmini to‘g‘ri baholashda qanday ma’lumot va ko‘rsatkichlarga tayanish kerak?

— Keling, bu baho va unga nimalar kirishi mumkinligi haqida fikr yuritamiz. Bu yerda Google reklamasi hamda brendlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiyalar haqida gap ketishi mumkin. Hozirgi yiliga $30 – 50 mlnlik baho unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan hisob-kitobga asoslangan. Kimdir ITIM e’lon qilgan hisobotdagi yiliga 36 mlrdta ko‘rishni reklama CPM/RPM ko‘rsatkichiga (cost per mille/revenue per mille – mingta ko‘rsatish uchun qiymat) — $0,8 –1,4 ga shunchaki ko‘paytirgan.

Bu tubdan noto‘g‘ri, chunki ko‘rishlar reklama ko‘rsatishlari degani emas, reklama tushumi va mualliflarga to‘lanadigan mablag‘lar esa turli summalardir. Bu raqamni bemalol uch-to‘rt baravar kamaytirish mumkin.

O‘zbekistondagi mualliflar hozirning o‘zida Google reklama tarmog‘i orqali yiliga qariyb $15 mln daromad qilmoqda. Biroq, afsuski, bu daromad mahalliy bozor va auditoriya hisobidan emas. Google AdSense mintaqada ishlaydi, ammo muallif o‘zbek tilida kontent yaratib, asosan O‘zbekiston auditoriyasiga yo‘nalsa, hozircha faqat brendlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reklama shartnomalari orqali pul topishi mumkin.

Rasmiy monetizatsiyaning ishga tushirilishi va mablag‘larni oson yechib olish imkoniyati YouTube Partner Program’ga yosh va muvaffaqiyatli iste’dodlarni jalb qilishga yordam beradi. Ular mamlakat ichida rivojlanish bilan birga lokalizatsiyaning barcha ilg‘or vositalaridan ham foydalanishi mumkin bo‘ladi. Kontent yaratuvchilarning daromadlari oshgani sari Google Ads ekotizimi va uning atrofidagi Google reklama vositalari ham rivojlanishi kerak.

Igor Shevchenko / Yoola

— Bevosita O‘zbekistondagi auditoriyadan olinadigan mingta ko‘rish uchun muallif daromadi — RPM qanday darajada bo‘lishi mumkin? Bu ko‘rsatkich kontent mavzusi va kanal auditoriyasining geografiyasiga qarab qanchalik farq qiladi?

— Amalda dastlab RPM $0,5 dan yuqori bo‘lishini kutmaslik kerak va katta ehtimol bilan u $0,2 dan $0,5 gacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turadi. O‘zbekistonda auditoriya juda katta va kontent ham juda ko‘p. Shu bilan birga, Google reklama tarmog‘i va undagi brendlar ishtiroki hozircha unchalik katta emas. Monetizatsiya joriy etilganidan keyin yirik va o‘rta biznes reklama tarmog‘iga kirib kelishi uchun yana biroz vaqt kerak bo‘ladi. Ular allaqachon blogerlar bilan ishlamoqda, biroq rasmiy monetizatsiya har ikki tomonga – bloger va brendga o‘z daromadini oshirish imkonini beradi.

Agar kontent yaratuvchilar faqat O‘zbekiston auditoriyasi bilan cheklanib qolmay, boshqa mintaqalar va tillarga, masalan, ingliz, ispan yoki nemis tillaridagi auditoriyaga yoxud Yevropaning ayrim mamlakatlariga chiqsa, RPM o‘n baravardan ham ko‘proq farq qilishi mumkin.

YouTube’da, haqiqatan ham, pul ishlashni istasangiz, strategiya uchun global ekspansiya va qimmatroq Tier-1 bozorlariga chiqish doimo muhim bo‘lgan. Ishonchim komilki, yosh va iste’dodli kontent yaratuvchilar buni tezda tushunib, kontentni lokalizatsiya qilish ustida faol ishlay boshlaydi. Bu o‘zbek tilidagi kanallar bundan qandaydir zarar ko‘radi degani emas. Aksincha, o‘z kontentini kengroq auditoriyaga yetkazish, o‘z madaniyati haqida so‘zlab berish va global brend yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mualliflar va bozor rivoji

— YouTube Partner Program’dan to‘liq foydalanish imkoniyati bo‘lmagan sharoitda O‘zbekistondagi YouTube mualliflari bugun o‘z auditoriyasini qanday monetizatsiya qilmoqda? Mavjud daromad modellari YouTube’ning to‘g‘ridan to‘g‘ri monetizatsiyasidan qanchalik farq qiladi?

— O‘zbekistondagi barcha yirik kontent yaratuvchilar 10 yildan ortiq vaqtdan beri YouTube’dagi kontentini monetizatsiya qilib kelmoqda. Yoola mamlakatda faol ishlaydi va O‘zbekistondagi yuzlab kontent yaratuvchilar bilan hamkorlik qiladi. Biz ularga nafaqat moliyaviy vositalar, balki musiqiy platforma, referal dastur, brendlar bilan hamkorlik va kanalni rivojlantirish uchun yana ko‘plab xizmatlarni taqdim etamiz – muqovalar va SEO’dan tortib, soliqlar bo‘yicha yordam hamda raqobatchilar tahliligacha.

Bularning barchasi kanal daromadini sezilarli oshirish va auditoriyani kengaytirish imkonini beradi. Biz bu sohada 15 yildan beri ishlaymiz va buni qanday tez amalga oshirishni bilamiz. Bundan tashqari, yuqorida aytganimdek, mamlakatda Google AdSense akkauntlarini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin, demak, pul olish va uni yechib olishda muammo yo‘q.

Brendlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reklama hamkorliklari va turli maxsus loyihalar doimo bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Ayrim kontent yaratuvchilar uchun aynan shunday kelishuvlar muqobil daromad manbai, hatto asosiy daromad omiliga aylanishi mumkin. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, brendlar bilan kelishuvlar YouTube’ning bevosita monetizatsiyasidan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi.

Biroq bu yerda ham menejer yoki agentliksiz ishlaydigan kontent yaratuvchilar uchun bir qator murakkabliklar bor: shartnomalar, soliqlar, yuridik masalalar, brifni kelishish, tuzatishlar va boshqa tashkiliy jarayonlar. Shu sababli ko‘plab kontent yaratuvchilar va kanallar tarmoqlari uchun YouTube’ning o‘z monetizatsiyasi yetarli. Ular brendlar bilan uzoq davom etadigan kelishuvlar va muzokaralarga vaqt hamda kuch sarflashni istamaydi.

— Rasmiy monetizatsiya ishga tushirilganidan keyingi dastlabki bir-ikki yil ichida bozorda nimalar o‘zgarishi mumkin — professional mualliflar soni, kontent hajmi va sifati, shuningdek, reklama beruvchilarning qiziqishi nuqtayi nazaridan?

— O‘sish va talab juda katta bo‘ladi. Ko‘rib turibmizki, ko‘plab mahalliy mualliflar o‘z YouTube-kanallarini tashlab qo‘yishi mumkin, chunki ular ona tilida kontent ishlab chiqaradi va auditoriyasining 75 – 80%i O‘zbekistondan. Ular lokalizatsiyadan foydalanmaydi, shuning uchun auditoriya oqimi faqat mamlakat ichida shakllanadi. Endi esa bu holat o‘zgargach, musiqachilar, artistlar, aktyorlar, blogerlar va boshqa turli yo‘nalishdagi kontent yaratuvchilar uchun YouTube’ga e’tibor qaratib, o‘z kanallarini rivojlantirishning ayni vaqti.

Dastlab, ehtimol, professional kontent – musiqa, seriallar, filmlar, telekontent va boshqalar ustunlik qiladi. Bu yo‘nalish O‘zbekistondagi YouTube’da doimo eng rivojlangan segment bo‘lib kelgan.

Shundan keyin platformada mustaqil kontent yaratuvchilar ham faol o‘sa boshlaydi, asosiy e’tibor esa geyming, MFK, musiqa va boshqa ko‘ngilochar yo‘nalishlarga ko‘proq qaratiladi. Bular YouTube’dagi eng kuchli yo‘nalishlardan biri bo‘lib, maxsus professional kontentning ular bilan raqobatlashishi oson emas.

Monetizatsiyani ishga tushirish

— Bugungi kunda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini to‘liq ishga tushirishga qanday asosiy to‘siqlar saqlanib qolmoqda? Sizningcha, mamlakatni YouTube Partner Program’ga ulash uchun yana nimalar qilish kerak?

— Bu, avvalo, YouTube/Google’ning qaroriga bog‘liq. Bozor monetizatsiyaga ko‘p yillar avval tayyor edi. Nihoyat YouTube O‘zbekistonga ham jiddiy e’tibor qaratdi. So‘nggi yillarda kompaniya aholisi atigi 2-3 mln kishini tashkil etadigan mamlakatlarda ham monetizatsiyani ishga tushirmoqda. U yerlarda yirik kontent yaratuvchilar soni juda kam. Bu esa qariyb 40 mln aholiga ega O‘zbekiston bilan solishtirganda yaqqol ko‘rinadi.

Bundan tashqari, YouTube O‘zbekistonda qaysi yirik va shakllangan kanallar hamda kanallar tarmoqlari borligini juda yaxshi biladi va bozorning o‘sish salohiyati nihoyatda katta ekanini tushunadi.

YouTube bosh ofisidagi hamkasblarimiz bilan bo‘ladigan deyarli har bir uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube Partner Program’ni ishga tushirish Google’ning o‘zi, kontent yaratuvchilar va brendlar uchun qanchalik muhim va iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lishini albatta ta’kidlaymiz.

Yoola’da biz bu jarayon qanday kechishi mumkinligini ko‘p marta muhokama qilganmiz va O‘zbekistonda faqat YouTube Partner Program’ni ishga tushirishning o‘zi yetarli emas, deb hisoblaymiz. Mamlakatda imkon qadar tezroq YouTube Music va unga bog‘liq Premium-funksiyalarni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Yuqorida aytganimdek, O‘zbekistonda professional kontent yetakchilik qilmoqda, musiqa esa uning eng muhim yo‘nalishlaridan biri. Ishga tushirish, haqiqatan ham, katta ta’sir ko‘rsatishi va bozorda kuchli o‘sish keltirib chiqarishi uchun YouTube Music ham imkon qadar tezroq ishga tushirilishi kerak. Bu jarayon yana o‘nlab yillarga cho‘zilib ketmasligi lozim.

Shuningdek