50 million yil yashirinib yotgan timsoh topildi

Misrda olimlar 45 million yil avval yashagan, ilgari fanga noma’lum bo‘lgan timsoh turini aniqladi. Eng qizig‘i, uning qoldiqlari Qohira yaqinidagi Buyuk Sfinks qurilgan ohaktosh qatlamidan topilgan. Qadimiy timsohning tumshug‘i ham Sfinksning mashhur singan burni kabi yetishmaydi. Bu haqda tadqiqot mualliflari ma’lum qildi.
Qoldiq deyarli 100 yil davomida noto‘g‘ri tasniflangan
Gap Herugavialis cairensis deb nomlangan yangi tur haqida ketmoqda. Uning qoldiqlari Misrning Mokattam hududidan 1920-yillarda topilgan.
Dastlab olimlar bu hayvonni bugungi kunda Janubi-Sharqiy Osiyoda uchraydigan soxta gavial – Tomistoma turiga mansub deb hisoblagan. Biroq yangi tadqiqotda mutaxassislar qazilmani zamonaviy usullar yordamida qayta tekshirgan.
Xususan, bosh suyagi kompyuter tomografiyasi orqali o‘rganilib, uning 300 dan ortiq anatomik belgisi boshqa qadimgi va zamonaviy gaviallar bilan taqqoslangan. Natijada qoldiq alohida, ilgari fanga noma’lum bo‘lgan turga tegishli ekani aniqlangan.
Timsohning burni ham Sfinksnikiga o‘xshash
Yangi tur nomidagi «Heru» qadimgi Misr xudosi Horusga ishora qiladi. Olimlar bu nomni tasodifan tanlamagan. Qazilmaning deyarli to‘liq bosh suyagi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, uning tumshug‘ining uchi yo‘q. Buyuk Sfinksning burni ham hozirgacha yetishmaydi.
Bundan tashqari, ikkala obyekt ham bir xil geologik qatlam bilan bog‘liq: Mokattam qatlamidagi ohaktosh millionlab yillar o‘tib qadimgi misrliklar tomonidan Sfinksni yaratishda ishlatilgan.
45 million yil avval Misr qanday bo‘lgan
Herugavialis hozirgi Misrga umuman o‘xshamagan hududda yashagan. Taxminan 45 million yil avval Shimoliy Afrikaning katta qismi, jumladan, hozirgi Qohira atrofi, sayoz dengizlar bilan qoplangan.
Uzun va ingichka tumshug‘iga ega bo‘lgan bu qadimgi timsoh baliqlar bilan oziqlangan va qirg‘oqbo‘yi suvlarida yashagan. O‘sha davrda Misr hududida gaviallarning kamida yana ikki turi ham yashagan.
Olimlarning fikricha, O‘rta Yer dengizi hududida timsohlarning xilma-xilligi millionlab yillar davomida iqlim va dengiz sathidagi o‘zgarishlarga qarab o‘zgarib borgan. Mintaqadagi timsohlar taxminan 6 million yil avval, O‘rta Yer dengizi qurib borishi natijasida yo‘qolgan.
Avvalroq Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan uy sharoitida bir dona Nil timsohi qonunga zid tarzda saqlab kelingani aniqlangandi.