Dok-1 Maks ishi: jabrlanganlar foydasiga 16,7 mlrd so‘m undirildi

eʼlon qilindi
68 nafar bola vafot etgan
Foto: Nazarnews.org

«Dok-1 Maks» dori vositasidan jabrlangan 85 nafar fuqaro foydasiga sud hujjatlari asosida 78 mlrd so‘m undirilishi belgilangan. Hozirgacha ushbu mablag‘ning 16,7 mlrd so‘mi undiruvchilarga teng taqsimlab berilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

Mablag‘ning bir qismi mol-mulkdan undirildi

Ijro hujjatlariga ko‘ra, qarzdor S. Kariyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd so‘m zarar undirish bo‘yicha ijro ishlari olib borilmoqda.

Ijro harakatlari davomida S. Kariyevga tegishli Chilonzor tumanidagi turar va noturarjoy binolari xatlangan. Mazkur ko‘chmas mulklar onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.

«Beshyog‘och» MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar bino auksionda sotilgan va undan 793 mln so‘m mablag‘ tushgan. «1-Qatortol» MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turarjoy binolari esa 7,1 mlrd so‘mga baholangan va hozirda ularni sotish bo‘yicha auksion savdolari davom etmoqda.

Hali 61,3 mlrd so‘m undirilishi kerak

Auksiondan tushgan mablag‘lar hamda S. Kariyevning oila a’zolari tomonidan to‘langan pullar hisobidan jami 16,7 mlrd so‘m undiruvchilarga berilgan.

Mablag‘lar «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 80-moddasiga asosan barcha undiruvchilar o‘rtasida teng taqsimlangan.

Hozirda S. Kariyev va boshqa qarzdorlardan yana 61,3 mlrd so‘m undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom etmoqda.

«Dok-1 Maks» bilan bog‘liq fojiadan so‘ng jinoyat ishi doirasida 23 nafar shaxs sudlangan. Ish bo‘yicha S. Kariyevga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

68 nafar bola vafot etgan

Dastlab qurbonlar soni 65 nafar deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, sud tergovi davomida bu raqam 68 nafarga aniqlashtirilgan. Yana 16 nafar bola og‘ir, ikki nafari esa yengil tan jarohati olgan.

«Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha sud 2023-yil 11-avgustda boshlangan. Dastlab 21 nafar shaxs sudlanuvchi sifatida jalb qilingan, keyinchalik ularning soni 23 nafarga yetgan.

23 nafar shaxs sudlangan

2024-yil 26-fevral kuni Toshkent shahar sudida ish bo‘yicha hukm e’lon qilingan.

Hindiston fuqarosi, «Quramax Medical» MChJ direktori bo‘lgan Singx Ragvendra Pratap 20 yilga, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev 18 yilga, uning sobiq o‘rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musayev 16 yildan ozodlikdan mahrum qilingan. Qolgan sudlanuvchilarga ham turli muddatdagi qamoq, ozodlikni cheklash va boshqa jazolar tayinlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, «Dok-1 Maks» va «Ambronol»dan zaharlanib vafot etgan 68 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 mlrd so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilangan. Shuningdek, sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi to‘rt nafar bolaning vakillariga ham 1 mlrd so‘mdan, boshqa jabrlanuvchilarga 500 mln va 200 mln so‘mdan tovon puli belgilangan. 2024-yil iyulida apellyatsiya instansiyasi dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Avvalroq Olmazor tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va tan jarohati yetkazilgani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlangani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek