110 tonnaga yaqin guruch eksportdan to‘xtatildi

eʼlon qilindi
Sakkizta yuk mashinasidan 45 tonnadan ortiq guruch topildi
110 tonnaga yaqin guruch eksportdan to‘xtatildi
Foto: Bojxona qo‘mitasi

Bojxona organlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qiymati qariyb 1,9 mlrd so‘mlik 110 tonnaga yaqin guruchni noqonuniy ravishda xorijga olib chiqishga urinishlarning oldini oldi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Sakkizta yuk mashinasidan 45 tonnadan ortiq guruch topildi

21 – 22-sentabr kunlari «Yallama» chegara bojxona posti orqali xorijga chiqayotgan sakkizta yuk avtomobili bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida tirkamalarga ortilgan quruq mevalar orasidan hujjatlarda ko‘rsatilmagan 45 tonna 275 kilogramm «devzira», «lazer» va «alanga» navli guruch aniqlandi. Mazkur mahsulotlarning qiymati qariyb 680 mln so‘mni tashkil etgan.

Vagonlarda yana 64,4 tonna guruch yashirilgan

21-sentabr kuni «Chuqursoy texnik idora» temir yo‘l chegara bojxona postida ham quruq mevalar yuklangan vagonlar tekshirildi. Natijada 64,4 tonna guruchni yashirincha xorijga olib chiqishga urinish aniqlangan.

Tekshiruvda, shuningdek, hujjatlarda ko‘rsatilmagan 4,5 tonna gilvata, qariyb 6,5 tonna olxo‘ri qoqisi va 500 kilogramm holva ham topilgan. Ushbu tovarlarning umumiy qiymati 1,4 mlrd so‘mdan oshgan.

Guruch bir tadbirkorlik subyektiga tegishli bo‘lgan

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holatda noqonuniy eksport qilinmoqchi bo‘lgan guruch Farg‘ona viloyatidagi bir tadbirkorlik subyektiga tegishli bo‘lgan.

Hozirda holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida bojxona organlari 30 ta holatda qiymati 5,5 mlrd so‘mlik 405 tonna guruchning noqonuniy olib o‘tilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev O‘zbekistonga Afg‘onistondan katta miqdorda narkotik moddalarni noqonuniy olib kirishga urinishlar hamon davom etayotganini bildirgandi.

Shuningdek