Ish joyidagi tazyiq bo‘yicha 22 ta murojaat kelib tushdi — inspeksiya

2026-yil boshidan buyon ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasiga 22 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda inspeksiya Kursiv Uzbekistan’ning axborot so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Murojaatlar mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi kamsitish, ruhiy bosim o‘tkazish hamda boshqa turdagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga taalluqli.
Ikki holat bo‘yicha sudga da’vo kiritilgan
Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning ikki holati bo‘yicha fuqaro manfaatida sudga da’vo arizasi kiritilgan. Yana bir holatda mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy ta’sir chorasi qo‘llanilgan.
Inspeksiya bunday murojaatlar 2026-yilgacha alohida tasnif asosida yuritilmaganini ham qayd etdi. Shu sabab avvalgi yillar bo‘yicha aynan tazyiq va zo‘ravonlikka oid alohida statistikani taqdim qilish imkoni bo‘lmagan.
1-dekabrgacha maxsus portal ishga tushiriladi
Prezidentning 21-sentabrdagi PQ-345-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlari uchun «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali ishga tushiriladi.
Hozirda portalni ishga tushirish bo‘yicha tashkiliy va texnik ishlar olib borilmoqda.
Murojaatlar onlayn qabul qilinadi
Yangi portal orqali ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatlarni onlayn yuborish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish, dalillarni to‘plash, xulosa tayyorlash, ko‘rilgan choralar va tekshiruv natijalarini nazorat qilish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Rahbar ustidan shikoyat yuqori organga yuboriladi
Agar murojaat rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs ustidan tushsa, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun u avtomatik ravishda yuqori turuvchi organga yo‘naltiriladi.
Nodavlat tashkilotlar ham ushbu imkoniyatlardan dmi.mehnat.uz tizimi orqali ixtiyoriy foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqayotganlar 61 foizga oshgani haqida yozgan edi.