JSST Irkutskdagi ikkinchi pnevmoniya holatini o‘rganmoqda

eʼlon qilindi
Laboratoriya xodimi og‘ir pnevmoniyadan vafot etgan
JSST Irkutskdagi ikkinchi pnevmoniya holatini o‘rganmoqda
Foto: depositphotos

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi O‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi o‘limi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatmoqda. Rossiya sog‘liqni saqlash idoralari JSSTga hududda o‘lat holati qayd etilmaganini bildirgan. Shu bilan birga, tashkilot og‘ir pnevmoniyaga nima sabab bo‘lganini aniqlashtirish uchun qo‘shimcha ma’lumot so‘radi. JSST Rossiyadan tashqariga tarqalish xavfini hozircha «juda past» deb baholamoqda.

Laboratoriya xodimi og‘ir pnevmoniyadan vafot etgan

JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qilishicha, tashkilot Irkutskdagi O‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi bilan bog‘liq xabarlarni dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘lganidan beri kuzatib kelmoqda.

Xodim 2-oktabr kuni og‘ir pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilganidan keyin vafot etgan. Dastlab ayrim OAVda uning laboratoriyada tasodifiy zararlanish oqibatida o‘pka shaklidagi o‘latga chalingani haqida taxminlar tarqalgan.

Biroq Rossiya sog‘liqni saqlash idoralari JSSTning so‘roviga javoban Irkutsk viloyatida so‘nggi vaqtda o‘lat holati ro‘yxatga olinmaganini bildirgan.

Aloqada bo‘lgan shaxslar tekshirildi

Rossiya tomoni epidemiologik tekshiruv o‘tkazilgani, profilaktika choralari ko‘rilgani va marhum bilan aloqada bo‘lgan shaxslar tibbiy kuzatuvga olinganini ma’lum qilgan.

JSSTga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tekshirilgan kontaktlarda yuqori xavfli patogenlar aniqlanmagan va ularning tibbiy kuzatuvi yakunlangan.

Shunga qaramay, tashkilot vaziyatga oid qo‘shimcha savollar saqlanib qolayotganini bildirdi.

«O‘z vaqtida, to‘liq va shaffof axborot almashish qarama-qarshi ma’lumotlarga aniqlik kiritish hamda sog‘liq uchun ehtimoliy xavfni to‘g‘ri baholash uchun zarur», – dedi Tedros Adhanom Gebreyesus.

JSST og‘ir pnevmoniyaga aynan nima sabab bo‘lgani, qanday patogen tufayli epidemiologik choralar ko‘rilgani hamda yana bir institut xodimida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya aniqlangani haqidagi xabarlar bo‘yicha Rossiyadan qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan.

O‘pka o‘lati qanday kasallik

JSST ma’lumotiga ko‘ra, o‘lat Yersinia pestis bakteriyasi sabab yuzaga keladi. Uning o‘pka shakli kasallikning eng og‘ir turlaridan biri bo‘lib, nafas yo‘llari orqali odamdan odamga yuqishi mumkin.

Biroq kasallik erta aniqlansa, antibiotiklar bilan samarali davolash mumkin.

Tramp Putin bilan vaziyatni muhokama qilmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Irkutskdagi holat yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashishini ma’lum qildi.

Tramp Oq uyda jurnalistlarga AQSh ushbu masala bo‘yicha Rossiya bilan muzokara olib borayotganini va tez orada qo‘shimcha ma’lumot berilishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq Tramp zarurat tug‘ilsa, AQSh Rossiyaga vaziyatni o‘rganish va unga qarshi kurashishda yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Hozircha Rossiyada o‘pka o‘lati tarqalayotgani tasdiqlanmagan. JSST Rossiya rasmiylari bilan aloqani davom ettirmoqda va vaziyatga aniqlik kiritish uchun qo‘shimcha ma’lumot kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov O‘zbekistonda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorligini bildirgandi.

Shuningdek