Disney 2027-yilda Lionel Messi haqida multserial chiqaradi

7-oktabr 2026 11:23 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Disney 2027-yilda Lionel Messi haqida multserial chiqaradi
Tizerdan ekran tasviri

Futbol yulduzi Lionel Messi ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etayotgan «Messi and the Giants» animatsion serialining ilk tizeri namoyish etildi. Sport va fantastika janridagi multserial 2027-yil yozida Disney+ platformasida namoyish qilinadi. Bu haqda platforma matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh qahramon 12 yoshli Leo bo‘ladi

«Messi and the Giants» bolalar uchun mo‘ljallangan sport-fantastik animatsion serial hisoblanadi.

Voqealar Leo ismli 12 yoshli bola atrofida kechadi. U gigantlar hukmronlik qiladigan muqobil olamga tushib qoladi va uyiga qaytish uchun futbolga o‘xshash xavfli bahslarda qatnashishga majbur bo‘ladi.

Leo janglarda kuchli «orb»lardan foydalanadi, afsonaviy gigantlarga qarshi kurashadi va parchalanib ketgan «Iko» olamini tiklashga harakat qiladi.

Boshqalardan farqli ravishda Leo maxsus kuchlardan foydalana olmaydi. Shu sababli u o‘zining futbol mahorati, jamoaviy o‘yin va qat’iyatiga tayanadi.

Shuningdek, o‘qing: Messidan keyin Argentina terma jamoasining 10-raqamida kim o‘ynaydi

Messi serialning ijrochi prodyuseri

Lionel Messi loyiha ijrochi prodyuserlaridan biri sifatida qatnashmoqda. Serial Sony Pictures Television, Sony Music bilan bog‘liq tuzilmalar va boshqa hamkorlar ishtirokida yaratilmoqda.

Animatsiya ustida Atlantis Animation studiyasi ishlamoqda. Leo obraziga argentinalik aktyor Milo Burgess-Webb ovoz beradi.

Serialning ilk tizeri namoyish etildi

«Messi and the Giants»ning ilk rasmiy tizeri Ispaniyada o‘tkazilgan San Diego Comic-Con Malaga tadbirida 3 mingdan ortiq muxlis qarshisida namoyish qilindi.

Tizerda argentinalik Luck Ra ijro etgan «Vamos, Vamos, Vamos» nomli yangi saundtrek ham yangradi.

Premyera 2027-yil yozida bo‘ladi

«Messi and the Giants» 2027-yil yozida butun dunyo bo‘ylab Disney+ platformasida namoyish etiladi.

AQShda esa multserial Disney Channel telekanalida ham efirga uzatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lionel Messi Argentina termasidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Bu Messi uchun milliy terma jamoadagi 208-o‘yin bo‘ldi. U uchrashuvda o‘zining 126-golini ham urdi.

Shuningdek