Mirziyoyev Putinni tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Putinni tavallud kuni bilan tabrikladi
Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tiladi. Rossiya xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilaklarini bildirdi.
Muloqotda Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.
Savdo va sanoat kooperatsiyasi muhokama qilindi
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Xususan, o‘zaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi korxonalar kooperatsiyasi ko‘lami izchil ortib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, 6-oktabr kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi yakunlari yuqori baholandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar davom etmoqda
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvlar ham qayd etildi. Yaqinda O‘zbekistonda Rossiya san’atiga bag‘ishlangan «San’atlar olami» festivali o‘tkazilgan. Ayni kunlarda esa Moskvada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Vladimir Putin 1952-yil 7-oktabrda Leningradda tug‘ilgan. U bugun 74 yoshga kirdi. Putin 2000 – 2008-yillarda hamda 2012-yildan buyon Rossiya prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Avvalroq Joriy yilning 5-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgandi.