«Navoiy suv ta’minoti»ning 15,5 mlrd so‘mlik tenderiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Raqobat qo‘mitasi «Navoiy suv ta’minoti» AJ buyurtmachiligida o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 15,5 mlrd so‘mlik tender savdosida qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, yakunda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik subyektining murojaati asosida «Navoiy suv ta’minoti» AJ tomonidan o‘tkazilgan tender savdosini o‘rgandi. Tenderning boshlang‘ich qiymati 15,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.
O‘rganish natijasida tenderni o‘tkazish jarayonida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlangan.
Shuningdek, o‘qing: Sog‘liqni saqlash tizimidagi 14 mlrd so‘mlik tender bekor qilindi
Kompaniyaga moliyaviy jarima qo‘llanadi
Aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi «Navoiy suv ta’minoti» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan.
Ishni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, kompaniyaga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda 200 ta tender bo‘yicha shubhali holatlar aniqlangandi.