O‘zbekiston 2030-yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni ikki baravar oshirmoqchi

eʼlon qilindi
2030-yilgacha O‘zbekistonda oziq-ovqat ishlab chiqarishni ikki baravar, eksportni esa uch baravar oshirish rejalashtirilgan
Yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ikki baravar, eksport va qo‘shilgan qiymatni esa uch baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tayotgan xalqaro anjumanlar ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ma’lum qilindi. Murojaatni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Logistika xarajatlarini kamaytirish taklif qilindi

Prezident murojaatida iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va logistika uzilishlari oziq-ovqat narxlariga bosim qilayotgani qayd etildi. Bu muammo dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlar uchun, ayniqsa, muhim. Bunday mamlakatlar eksport va importda tranzit davlatlar hududidan foydalanadi, bu esa tashish xarajatlarini oshiradi.

Shu sabab O‘zbekiston oziq-ovqat savdosi va logistikasidagi cheklovlarni kamaytirish, mahsulot yetkazib berish tartiblarini soddalashtirish tashabbusini ilgari surdi.

Yangi hamkorlik dasturi taklif qilindi

Yana bir tashabbus – Markaziy Osiyo, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar va tranzit mamlakatlarni bog‘laydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish. Dastur doirasida xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlarni oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sovitkichlarda saqlash hamda tashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Toshkentdagi Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan anjumanlarda 30 dan ortiq mamlakatlar vakillari qatnashmoqda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston mahsulotlari Turkiya bozoriga chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek