O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sadi — Jahon banki

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga o‘sishi kutilmoqda
Foto: Jahon Banki

Jahon banki 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,9 foizga o‘sishini kutmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mintaqa umuman olganda Yevropa va Markaziy Osiyoning eng tez o‘sayotgan subregioni bo‘lib qolmoqda.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun 7,9 foizlik o‘sish prognoz qilingan. Qirg‘izistonda esa iqtisodiy o‘sish 9,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy iqtisodiy o‘sish 2025-yildagi 2,6 foizdan 2026-yilda 2,2 foizgacha sekinlashishi mumkin. Rossiya hisobga olinmasa, mintaqa o‘sishi 3,7 foizdan 3 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Energiya narxlari va tashqi talab bosim qilmoqda

Jahon bankiga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga energiya narxlarining yuqoriligi, global noaniqlik va asosiy savdo hamkorlaridagi sust iqtisodiy faollik ta’sir qilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan 35 – 40 foiz kam maosh oladi — Jahon banki

Shunga qaramay, rivojlanayotgan mamlakatlar ichki talabning yuqoriligi, davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar va iqtisodiyotning energiyaga qaramligi kamaygani sabab nisbatan barqarorlikni saqlab qolmoqda.

Real ish haqining oshishi, pul o‘tkazmalari, turistlar oqimi va davlat investitsiyalari ham iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston uchun tashqi xavflar saqlanib qolmoqda

Hisobotda Yevropa Ittifoqidagi sust iqtisodiy o‘sish va xalqaro bozorlardagi kuchli raqobat eksport hamda sanoat ishlab chiqarishiga bosim qilayotgani qayd etilgan.

Savdo yo‘llaridagi yangi uzilishlar, Ukrainadagi urushning davom etishi, energiya, transport va o‘g‘it xarajatlarining oshishi, global moliyalashtirish shartlarining qattiqlashishi hamda ekstremal ob-havo hodisalari asosiy xavflar sifatida ko‘rsatilgan.

Sun’iy intellekt iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin

Shuningdek, o‘qing: Jahon banki: Oʻzbekistonda toʻrt yilda 3,7 mln kishi kambagʻallikdan chiqdi

Jahon banki hisobotida sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratilgan. Mintaqada har besh nafar xodimdan biri AI ta’siriga sezilarli darajada duch kelishi mumkin bo‘lgan kasblarda ishlaydi.

Shu bilan birga, hozircha kompaniyalarning har o‘ntadan kamida bittasi sun’iy intellektdan foydalanmoqda va u ham, asosan, oddiy vazifalar uchun qo‘llanmoqda.

Jahon banki mamlakatlarga ta’lim sifati, boshqaruv ko‘nikmalari, ma’lumotlar infratuzilmasi va hisoblash quvvatlarini rivojlantirishni tavsiya qilmoqda. Hisobotga ko‘ra, kelgusi o‘n yillikdagi asosiy xavf sun’iy intellektning haddan tashqari tez joriy etilishi emas, aksincha, undan yetarlicha foydalanilmasligi bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevroosiyo taraqqiyot banki ham O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sishi haqida aytgandi. Prognozlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni investitsiya faolligining yuqori darajada saqlanib qolishi, oltin narxlarining qimmatligi va aholi daromadlarining o‘sishi qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek