O‘zbekistonda o‘latdan xavotirlanishga asos yo‘q — Nurmat Atabekov

O‘zbekistonda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiyaning Irkutsk shahrida qayd etilgan holat o‘lat, xususan, uning o‘pka shakli ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda Rossiya tomoni holat yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Chegaralarda 53 ta sanitariya nazorat punkti ishlamoqda
O‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari va avtomobil yo‘llarida 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Ular orqali xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar tibbiy kuzatuvdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining o‘ta xavfli kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan laboratoriyalari zarur diagnostika vositalari va reagentlar bilan ta’minlangan.
O‘lat qanday yuqadi
O‘lat bakteriyalar sabab yuzaga keladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. U ko‘pincha mayda sut emizuvchi hayvonlarda uchraydi va insonga kasallangan hayvonlar yoki burgalar chaqishi orqali yuqishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha O‘zbekistonda o‘lat bilan bog‘liq xavotirlanishga asos yo‘qligini bildirdi.
Avvalroq «Kursiv» koronavirusga qarshi emlanganlarda saraton paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarga Nurmat Atabekov rasmiy izoh bergani xususida yozgan edi.