Real Sanjik ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi yakunlandi

7-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Biroq sud hukmi qachon e’lon qilinishi hozircha noma’lum. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Sudlanuvchi aybini tan olmadi
Sud majlisida Sanjar Karimovga so‘nggi so‘z berildi. U o‘zining aybsizligini yana bir bor ta’kidlab, suddan adolatli qaror chiqarishni so‘radi.
«Men bir narsani — adolatni kutyapman. Ushbu sud jarayonini butun MDHda yashaydigan o‘zbek diasporasi, Amerikada yashaydigan diasporamiz ham kuzatib turibdi. Birorta inson men qandaydir bir milligramm narsani chegaradan o‘tkazish yoki sotish maqsadim borligiga ishonmaydi», – dedi Sanjar Karimov.
U, shuningdek, $240 minglik uy bilan bog‘liq vaziyatni ham tilga oldi.
«Men $240 mingdan voz kechgan inson 400 ming so‘mlik narsani kimga sotaman? Kimga uni tarqataman?» – dedi u.
Shundan so‘ng sudyalar maslahatlashish uchun chiqib ketgan. Natijada hukmni e’lon qilish noma’lum muddatga qoldirilgan.
Sanjar Karimov nega 5 yilga qamalgan
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 8-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Sanjar Karimovga oid ishni ko‘rib chiqqan. Sud uni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Karimov mazkur hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ish Toshkent shahar sudida qayta ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi tomoni yangi dalillarni taqdim etgan.
Ish 240 ming dollarlik uy mojarosidan boshlangan
2024-yil avgustida 1997-yilda tug‘ilgan Sh.R. 1999-yilda tug‘ilgan Sh.A. ismli qizga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik u muammolarini hal qilish uchun qizning uyini garovga qo‘yib turishni taklif qilgan va uyini boshqa fuqaroga – bloger va tadbirkor «Real Sanjik»ka $240 mingga sotgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida uning boshqa fuqarolarga nisbatan ham firibgarlik holatlarini sodir etgani aniqlangan.
2025-yil 21-noyabr kuni ushbu ish bo‘yicha sud hukmi chiqarilib, Sh.R. 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Real Sanjik uyni bolalar uyiga bermoqchi bo‘lgan
Mojaro jamoatchilik e’tiboriga tushganidan so‘ng Sanjar Karimov $240 mingga sotib olgan hovlini bolalar uyiga ehson qilishini bildirgan. Biroq keyinchalik Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlar taqdim etilmaganini ma’lum qilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, 2025-yil 28-noyabr kuni Sanjar Karimov o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘lgan.
Hozircha Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha yakuniy hukm qachon e’lon qilinishi noma’lum.
Avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumani sudi «Sirojiddin Media» MChJ rahbari Sirojiddin Odilovni tovlamachilik va firibgarlikda aybli deb topib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.