Tekinga jang qilaman — Meliqo‘ziyev chempionlik jangi uchun gonoraridan voz kechmoqchi

eʼlon qilindi
WBA va Mungiyaga murojaat qilib, chempionlik jangi masalasida hurmat va qoidalarga rioya qilishni so‘ragan
Bektamir Meliqo‘ziyev WBA qaroriga qarshi chiqdi
Foto: Milliy antidoping agentligi

O‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev WBA yo‘nalishida jahon chempioni Xayme Mungiyaga qarshi jang o‘tkazish uchun hatto gonoraridan voz kechishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda bokschi o‘zining Instagram sahifasida yozdi.

Gonorar muhim emas

Meliqo‘ziyev WBA va Mungiyaga murojaat qilib, chempionlik jangi masalasida hurmat hamda qoidalarga rioya qilishni so‘ragan.

«Gonorar muhim emas, men tekinga ham jang qilishga tayyorman. Lekin, iltimos, menga va ushbu sport turi qoidalariga nisbatan hurmatsizlik qilishni to‘xtating», – deb yozdi bokschi.

U Mungiya chempionlik uchun jang qilgan paytda ham o‘zining WBA yo‘nalishidagi majburiy da’vogar maqomida bo‘lganini eslatdi.

Meliqo‘ziyev Mungiyadan hurmat talab qilmoqda

Bokschi Mungiyaga chempion bo‘lganidan keyin unga va boshqa bokschilarga o‘zi chempion bo‘lganida ko‘rsatgan hurmatni ko‘rsatishi kerakligini aytdi.

Shuningdek, Meliqo‘ziyev WBA va muxlislarni hurmat qilishga chaqirdi. Uning fikricha, muxlislar oldindan natijasi ma’lum bo‘lgan jangni emas, haqiqiy raqobatga boy bahsni ko‘rishni istaydi.

Chempionlik jangi rasman buyurilgan

WBA Meliqo‘ziyev va Mungiya o‘rtasidagi chempionlik jangini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy qaror chiqargan. Tomonlarga jang shartlarini kelishib olish uchun 21-oktabrgacha muddat berilgan. Kelishuvga erishilmasa, jang kimoshdi savdosiga chiqarilishi mumkin.

Meliqo‘ziyev hozirda WBA reytingida super o‘rta vazn toifasining birinchi raqamli bokschisi va amaldagi chempionning majburiy da’vogari hisoblanadi. Mungiya esa 2026-yil 2-may kuni Las-Vegasda Xose Armando Resendisni mag‘lub etib, WBA kamarini qo‘lga kiritgan.

Avvalroq nufuzli BoxRec portali havaskor erkak bokschilar o‘rtasidagi yangilangan pound-for-pound reytingini e’lon qilgandi. Unda O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili dunyoning eng kuchli o‘n nafar havaskor bokschisi qatoridan joy olgan.

Shuningdek