Texnika universiteti talabalari yotoqxonadan chiqarib yuborildi — vazirlik izoh berdi

Toshkent davlat texnika universiteti talabalari hali rasman foydalanishga topshirilmagan talabalar turarjoyidan chiqarildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, talabalar universitetning boshqa bo‘sh yotoqxonalariga vaqtincha joylashtirilgan. Avval undirilgan to‘lovlar esa tadbirkor tomonidan to‘liq qaytarilgan.
Yotoqxona hali foydalanishga topshirilmagan
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universiteti talabalari yotoqxonadan chiqarib yuborilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turarjoyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan.
Obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan. Bundan tashqari, binoda issiq suv va isitish tizimlari ham hali to‘liq ishga tushirilmagan.
«Shu sababli obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Talabalar yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlandi
Amaldagi tartibga ko‘ra, talaba yotoqxonaga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ariza topshirib, tegishli yo‘llanma olishi kerak.
Biroq vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkor ayrim talabalarni ushbu tartibga rioya qilmasdan va yo‘llanmasiz joylashtirgan.
Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga aloqador bo‘lmagan boshqa OTM talabalari ham mazkur binoda yashagani aniqlangan.
«Talabalarning mazkur obyektga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmagan», – deyiladi bayonotda.
Talabalar boshqa yotoqxonalarga ko‘chirildi
Holat aniqlangach, binodagi barcha talabalar undan chiqarilgan. Toshkent davlat texnika universiteti talabalari universitetning bo‘sh talabalar turarjoylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z OTMlariga qaytarilgan.
Xorijiy talabalar ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz foydalanilayotgan binodan chiqarilgan. Vazirlik bunday qaror talabalar xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini bildirdi.
Talabalarning pullari to‘liq qaytarildi
Rasmiy munosabatga ko‘ra, mazkur yotoqxonaga joylashtirilgan talabalardan olingan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 100% miqdorida qaytarib berilgan.
Hozirda binoning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda.
Barcha hujjatlar tayyorlanib, ruxsatlar olingach talabalar turarjoyi rasman foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq oliy ta’lim vaziri yana rektorlikka qaytgani haqida xabar berilgandi. Professor Qo‘ng‘irotboy Avezimbetovich Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlandi. U 2024-yil fevralidan buyon O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.