11 – 12-oktabrda 9 viloyatda sel xavfi kutilmoqda

11 – 12-oktabr kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel hamda suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlariga taalluqli.
Qaysi hududlarda sel xavfi bor
Qashqadaryo viloyatida Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida sel xavfi mavjud.
Surxondaryoda Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrobot tumanlari xavfli hududlar qatoriga kiritilgan.
Samarqand viloyatida Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin.
Navoiy viloyatida Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlarida, Jizzaxda esa Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida xavf mavjud.
Toshkent viloyatining ayrim shaharlarida ham xavf bor
Toshkent viloyatida Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari, shuningdek, Angren va Olmaliq shaharlarida sel va suv toshqini kuzatilishi mumkin.
Namangan viloyatida Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘onada So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari xavfli hududlar sifatida ko‘rsatilgan.
Andijon viloyatida esa Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod va Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahrida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanadigan haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Shuningdek, kuchli yomg‘irlar sabab ayrim joylarda suv to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hafta davomida ob-havo qanday bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Toshkentda hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. 7 – 9-oktabrda havo asta-sekin isib, kunduzgi harorat 22–25 darajagacha yetadi. Kechasi 6 – 7-oktabrda 7–10 daraja, 8 – 9-oktabrda esa 12–15 daraja bo‘lishi kutilmoqda.