Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘olibasi e’lon qilindi

2026-yil Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik shoir, esseist va tarjimon Anne Karsonga berildi. U qadimgi klassik an’analar bilan ijodiy muloqotga kirishib, zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllar yaratgani uchun mukofotlandi. Bu haqda Shvetsiya akademiyasi ma’lum qildi.
Anne Karson kim
Anne Karson 1950-yilda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan. 76 yoshli yozuvchi ijodida she’riyat, nasr, esse, tarjima va dramaturgiya unsurlarini birlashtiradi. Uning asarlarida qadimgi yunon va rim adabiyoti hamda mifologiyasi muhim o‘rin tutadi.
Karson klassik yunon tilidan qilgan tarjimalari bilan ham tanilgan. U Sapfo she’rlari, Sofoklning «Elektra» va «Antigona», Evripidning «Bakkhay» kabi asarlarini tarjima qilgan. Akademiya uning tarjimalarini oddiy tarjima emas, mustaqil adabiy asar sifatida ham baholagan.
Nobel qo‘mitasi uni nima uchun tanladi
Shvetsiya akademiyasi Karsonni «jasur va ixtirokor ijodkorligi, klassik an’analar bilan o‘ynoqi muloqot orqali zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllar yaratgani» uchun taqdirladi.
Yozuvchining ijodi adabiyotning an’anaviy janr chegaralaridan chiqib ketishi bilan ajralib turadi. U she’r, nasr, tarjima va dialogni bir asarning o‘zida uyg‘unlashtirishi mumkin.
Karson ijodida so‘zlarning kelib chiqishi ham muhim o‘rin egallaydi. Yozuvchi ko‘pincha so‘z etimologiyasidan boshlaydi va filologik izlanishlarni she’riy ifoda bilan birlashtiradi.
Eng mashhur asarlari
Anne Karsonning eng taniqli asarlaridan biri — «Autobiography of Red» («Qizilning avtobiografiyasi»). 1998-yilda chop etilgan ushbu she’riy roman qadimgi yunon shoiri Stesixorning parchalari va Gerion haqidagi mif asosida yaratilgan. Asarda qadimgi mif zamonaviy o‘smirning muhabbat va ayriliq haqidagi hikoyasi bilan uyg‘unlashadi.
Mukofot qancha
2026-yilgi Nobel mukofoti pul mukofoti 12 mln Shvetsiya kronasi, ya’ni taxminan 1,2 mln dollarni tashkil etadi. Karson mukofotning medali va diplomini dekabr oyida Stokgolmda o‘tkaziladigan marosimda qabul qiladi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga berilgan edi.
Avvalroq 2026-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Karl Daysserot, Peter Hegeman va Georg Nagelga berildi. Karolinska instituti Nobel assambleyasi olimlarni «yorug‘lik orqali boshqariladigan ion kanallari va optogenetikaga oid kashfiyotlari uchun» taqdirlangandi.