
Chevrolet Trax 2027 model yili uchun yangilandi. GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, model yangi dizayn elementlari va kengaytirilgan haydovchiga yordamchi funksiyalar bilan chiqadi.
Endi Trax uchta komplektatsiyada taklif qilinadi: bazaviy versiya, RS va Activ. 2026-yilgi model esa LS, 1RS, LT, 2RS va Activ variantlarida sotilgan edi.
Tashqi dizayn o‘zgardi
Chevrolet Trax 2027 yangi radiator panjarasini oldi. Oldingi xromli X shaklidagi element o‘rniga kuzov rangidagi gorizontal panel qo‘llanilgan.
LED kunduzgi chiroqlar kapot ostida joylashgan, asosiy faralar esa radiator panjarasining ikki tomoniga o‘rnatilgan.
Barcha komplektatsiyalar yangi dizayndagi yengil qotishmali disklar bilan jihozlanadi. RS versiyasida 19 dyuymli g‘ildiraklar saqlanib qoladi.

Orqa qismda esa yukxona eshigi qayta ishlangan. Orqa LED chiroqlar ingichkaroq va kengroq bo‘lib, ularning orasida Chevrolet emblemasi joylashtirilgan qora dekorativ panel mavjud.
Salon ham yangilandi
Trax 2027 yangi Google built-in tizimiga ega multimedia majmuasi bilan jihozlanadi.
Bundan tashqari, yangi raqamli asboblar paneli, piano black uslubidagi iqlim boshqaruvi paneli, harorat va ventilyator tezligini boshqaruvchi aylanuvchi tugmalar hamda yangilangan havo deflektorlari paydo bo‘lgan.
Eshik panellari va old panel plastiklari ham qayta ishlangan. Activ versiyasi qora-kulrang ikki rangli o‘rindiqlar va to‘q sariq tikuvlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, Trax ilk bor elektr yuritmali yukxona eshigi bilan taklif qilinadi.
20 dan ortiq xavfsizlik funksiyasi

GM ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan elektr va dasturiy arxitektura hisobiga modelda 20 dan ortiq haydovchiga yordamchi tizim standart tarzda taqdim etiladi.
Ular orasida Safety Alert Seat, yon tomondagi velosipedchini aniqlash, orqaga harakatda avtomatik tormozlash, old park datchiklari, orqa o‘rindiq xavfsizlik kamari indikatori va chorrahada avtomatik favqulodda tormozlash tizimi bor.
Dvigatel o‘zgarmaydi
Chevrolet Trax 2027 texnik qismida katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Model 1,2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlanishda davom etadi. U 137 ot kuchi va 162 funt-fut, ya’ni qariyb 220 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.
Dvigatel 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi va tortish kuchi old g‘ildiraklarga uzatiladi. Yangi Trax Janubiy Koreyadagi GM Changwon zavodida ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Onix va Tracker uchun yangi tavsiya berilgani haqida yozgan edi.