Gaz, elektr va suv bo‘yicha asossiz to‘lovlar iste’molchilarga qaytarildi

Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida gaz, elektr hamda suv ta’minoti xizmatlarini o‘rgandi. Tekshiruvlarda asossiz hisoblangan to‘lovlar, sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish tartibiga rioya qilmaslik holatlari aniqlangan.
Jizzaxda elektr va suv uchun pullar qayta hisoblandi
Jizzax viloyatida elektr ta’minoti korxonalari tomonidan sakkizta holatda qoidabuzarlik dalolatnomalarini rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi.
Natijada dalolatnomalar bekor qilinib, 5,4 mln so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, G‘allaorol tumanidagi Baxt va Samarqand mahallalarining 10 ta nuqtasida ichimlik suvining umumiy qattiqligi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgani aniqlangan.
17-apreldan 5-maygacha yetkazib berilgan 1 238 kub metr suv uchun hisoblangan 4,9 mln so‘m 276 nafar iste’molchi foydasiga qayta hisoblandi.
Samarqandda 1,3 mln so‘mlik gaz qarzi bekor qilindi
Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishda uning xonadoniga 1,3 mln so‘m asossiz gaz qarzdorligi hisoblangani aniqlangan.
Tekshiruvdan so‘ng ushbu qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi.
Farg‘onada suyultirilgan gaz taqsimotida buzilish aniqlandi
Farg‘ona viloyatida «Hududgaz Farg‘ona»ning tuman va shahar bo‘limlari ajratilgan suyultirilgan gazni iste’molchilar o‘rtasida teng taqsimlamagani va belgilangan reja-jadvalga rioya qilmagani aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasining maxsus komissiyasi «Hududgazta’minot» va uning hududiy filialiga moliyaviy jarima belgiladi hamda qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berdi.
Namangan suv ta’minotida 1,4 mlrd so‘mdan ortiq daromad aniqlandi
«Namangan suv ta’minoti» faoliyati o‘rganilganda tariflarni shakllantirishda belgilangan me’yorlarga rioya qilinmagani sabab 252,7 mln so‘m asossiz daromad olingani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, tarifga kiritilgan, ammo amalda bajarilmagan xarajatlar hisobidan yana 1,18 mlrd so‘m olingan. Jami asossiz daromad miqdori 1,4 mlrd so‘mdan oshgan.
Kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, majburiy ko‘rsatma berildi.
Sirdaryoda 537 iste’molchiga sifatsiz suv yetkazilgan
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi ikki mahallada 537 nafar iste’molchiga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani aniqlandi.
Buning natijasida qariyb 6,2 mln so‘m asossiz mablag‘ undirilgan. «Sirdaryo suv ta’minoti»ga ushbu summani iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ehtiyojmand oilalarga dekabr oyida bir martalik moddiy yordam ajratish masalasi ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, xususan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.