Ikki yoshli qizaloq 250 dan ortiq magnit sharchani yutib yubordi

eʼlon qilindi
Shifokorlar magnitlarni endoskopik usulda olib tashlab, bolaning hayotini saqlab qoldi
Foto: Morozov bolalar kasalxonasi

Moskvada ikki yoshli qizaloq bir vaqtning o‘zida 250 dan ortiq magnit sharik yutib yubordi. Shifokorlar magnitlarni endoskopik usulda olib tashlab, bolaning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Morozov bolalar kasalxonasi xabar beri.

Qizaloq shifoxonaga kuchli yo‘tal bilan olib kelingan

Ota-onasi qizini Moskvadagi Morozov bolalar shifoxonasiga kuchli yo‘tal sabab olib kelgan. Rentgen tekshiruvida bolaning oshqozonida juda ko‘p begona jismlar borligi aniqlangan. Keyingi tekshiruvda ular 250 dan ortiq magnit sharik ekani ma’lum bo‘lgan.

Magnitlar ichakni teshib yuborishi mumkin

Bunday magnitlar bola uchun, ayniqsa, xavfli hisoblanadi. Ular oshqozondan ichakka o‘tib, ichak devorlarining turli qismlarini bir-biriga tortishi mumkin.

Natijada ichak devorida teshiklar paydo bo‘lishi, og‘ir holatlarda esa uning ichidagi moddalar qorin bo‘shlig‘iga tushib, kuchli yallig‘lanishga olib kelishi mumkin. Shu sababli shifokorlar zudlik bilan operatsiyaga kirishgan.

250 dan ortiq magnit endoskop orqali chiqarildi

Dastlab jarrohlar ichaklarni kichik kesmalar orqali kiritilgan kamera yordamida tekshirgan. Ichak devorlari shikastlanmagani aniqlangach, shifokorlar magnitlarni oshqozondan qizilo‘ngach orqali maxsus endoskopik asboblar yordamida olib tashlagan. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan. Qizaloqning ahvoli yaxshi ekani va yaqin vaqt ichida uyiga chiqarilishi aytilgan.

Magnit shariklar bolalar uchun xavfli

Mutaxassislar kichik magnitlarni bolalardan uzoq tutish kerakligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, bir nechta magnit yutilganda, ular ichakning turli qismlarini bir-biriga tortib, og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Avvalroq Chechenistonda 15 yoshli qiz ro‘mol qadashga mo‘ljallangan ignani tasodifan yutib yubordi va u ichakda qariyb uch hafta qolib ketgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek