Mirziyoyev Avazada milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida tashkil etilgan milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi.
Festivalda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonning milliy oshxonalari namoyish qilindi.
O‘zbekiston stendida milliy taomlar taqdim etildi
O‘zbekiston stendida mehmonlarga mamlakatning turli hududlariga xos non va pishiriqlar, qandolat mahsulotlari hamda quritilgan mevalar taqdim etildi.
Shuningdek, novvoylikning ko‘p asrlik an’analari haqida ma’lumot berildi.
Oshpazlar somsaning bir necha turini, shuningdek, shivit oshi va tuxumbarak kabi Xorazm taomlarini tayyorlash jarayonini namoyish etdi.
Mehmonlarga o‘zbek palovining turli xillari va milliy oshxonaning boshqa taomlari ham taqdim qilindi.
Hunarmandchilik mahsulotlari ham namoyish qilindi
Ekspozitsiyada xalq hunarmandchiligi namunalari ham namoyish etildi. Rishton, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlari o‘z mahsulotlari hamda ularni tayyorlashning an’anaviy usullarini ko‘rsatdi.
Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar festivalga bayramona ruh bag‘ishladi.
Delegatsiyalar boshqa stendlarni ham ko‘zdan kechirdi
O‘zbekiston stendi bilan tanishgach, delegatsiyalar rahbarlari festivaldagi boshqa mamlakatlarning milliy ekspozitsiyalarini ham ko‘zdan kechirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Pashinyan bilan hamkorlikni muhokama qilgani haqida yozgan edi.