Mirziyoyev Pashinyan bilan hamkorlikni muhokama qildi

eʼlon qilindi
Tomonlar savdo, investitsiya va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Avazada Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv Prezident Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari 8-oktabr kuni Avazada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.

Armaniston sarmoyasi ishtirokida 80 ta korxona ishlamoqda

Tomonlar turli darajalarda faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani va yaqinda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilganini qayd etdi.

Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zaro savdo hajmi ham oshib bormoqda. O‘zbekistonda Armaniston sarmoyasi ishtirokida 80 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan.

Yangi loyihalar ilgari suriladi

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, zargarlik, yengil sanoat, farmatsevtika, kimyo va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Bu borada Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarini samarali o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro ahamiyatga molik masalalar hamda ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashdi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzishi xabar berilgandi.

Shuningdek