Mirziyoyev Turkmanistonda: MO va Ozarbayjon uchun yangi formula taklif qilindi

eʼlon qilindi
«Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari oddiy savdo bilan cheklanmasdan, qo‘shma mahsulotlar yaratishga o‘tishi kerakligini ta’kidladi. U mintaqaviy hamkorlikning savdo, transport, energetika, suv, muhim minerallar va sun’iy intellekt kabi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining rasmiy saytida xabar berildi.

«Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot»

8-oktabr kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etdi.

«Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. «Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot» formulasi biz intilishimiz lozim bo‘lgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi», — dedi prezident.

Shu maqsadda 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi. Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus platforma tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Yagona transport va energetika makoni

Prezident mintaqani global savdoning muhim quruqlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish mumkinligini ta’kidladi.

Buning uchun faqat avtomobil va temir yo‘llar qurish yetarli emasligi, transport yo‘laklari bo‘ylab ishlab chiqarish korxonalari, logistika markazlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va sanoat zonalarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengashni tashkil etishni tezlashtirish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Energetika sohasida esa past uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bu yangi generatsiya quvvatlari, energiya saqlash tizimlari va energetika yo‘laklarini rivojlantirishni muvofiqlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Suv, ekologiya va muhim minerallar

Mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish ham ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekiston zamonaviy raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilishi munosabati bilan ekologik loyihalarni kengaytirish va qo‘shimcha moliyalashtirish jalb etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans faoliyatini jadallashtirish taklif qilindi. Dastlabki qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Sun’iy intellekt uchun umumiy infratuzilma

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar mintaqa iqtisodiyotining kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilashini ta’kidladi.

Shu sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari imkoniyatlarini birlashtiradigan, o‘zaro bog‘langan milliy ma’lumotlar markazlariga asoslangan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash taklif etildi.

Prezident, shuningdek, kelgusi yillarda mintaqa iqtisodiyotiga qanday mutaxassislar kerak bo‘lishini aniqlash uchun talab yuqori bo‘lgan kasb va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Bu orqali universitetlar va professional ta’lim muassasalari sanoat, transport, energetika va raqamli texnologiyalar kabi sohalardagi yirik loyihalar uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlashi mumkin.

Hamkorlikni barqaror tizimga aylantirish taklif qilindi

Prezident Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarda davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.

U mintaqadagi hamkorlik katta va murakkab tuzilmalar yaratishga emas, balki suveren davlatlarning o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosidagi moslashuvchan hamkorligiga tayanishi kerakligini ta’kidladi.

«Formula oddiy: hamjihatlik va ishonch — taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida. Biz kelgusi avlodlarga qanday mintaqani qoldirishimiz uchun mas’ulmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari Qo‘shma bayonotni qabul qildi hamda bir qator ko‘p tomonlama hujjatlarni imzoladi.

Avvalroq  Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonga borgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek