O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari 2026 – 2027-yillarda suv olish limitini kelishib oldi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston 2026 – 2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun suv olish limitlari va suv omborlarining ishlash rejimlarini kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston suv resurslari vazirligi xabar berdi.
Kelishuv Turkmanboshi shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 95-yig‘ilishida erishildi.
Unda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Tojikiston hamda Turkmanistonning suv sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar Sirdaryo va Amudaryo havzalarida 2026-yilgi vegetatsiya davri yakunlarini muhokama qilib, 2026 – 2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun suv olish limitlari va suv omborlarining prognoz ish rejimlarini tasdiqladi.
Ma’lumotga ko‘ra, 2026-yilgi vegetatsiya davrida Shardara suv omboriga 3,69 mlrd kub metr suv kelgan. Bu prognoz qilingan hajmdan 840 mln kub metr ko‘p.
Sirdaryoda suv hisobini avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda
Yig‘ilishda suv resurslarini hisobga olish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Sirdaryo havzasida suv resurslarini avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha reja loyihasini ishlab chiqadigan ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazishga kelishdi.
Orolni qutqarish jamg‘armasi masalalari ham muhokama qilindi
Uchrashuv davomida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga asos solgan davlatlar rahbarlari sammitlarida belgilangan vazifalarning bajarilishi ham ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov Markaziy Osiyo davlatlari suv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik o‘tgan vegetatsiya davrini barqaror o‘tkazishga imkon berganini ta’kidladi.
«Biz va hamkorlarimiz barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda transchegaraviy suv resurslarini adolatli taqsimlashga intilmoqdamiz», – dedi u.
Komissiyaning navbatdagi 96-yig‘ilishi 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq gaz, elektr va suv bo‘yicha asossiz to‘lovlar iste’molchilarga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.