
Redmi Turbo 6 Max smartfoni haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Gizmochina nashriga ko‘ra, qurilma MediaTek Dimensity 9500s protsessorida ishlashi mumkin.
Manba model nomini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmagan, biroq ma’lumotlar Redmi Turbo 6 seriyasining Max versiyasiga tegishli ekani taxmin qilinmoqda.
Batareyasi 10 000 mA/soatdan oshishi mumkin
Insayder smartfon juda katta ekran va 10 000 mA/soatdan yuqori sig‘imli batareyaga ega bo‘lishini bildirgan.
Avvalgi sizib chiqqan ma’lumotlarda Redmi Turbo 6 Max 10 000 mA/soat batareya bilan sinovdan o‘tkazilayotgani aytilgan edi. Shu sababli yangi ma’lumot aynan Turbo 6 Max modeliga tegishli bo‘lishi mumkin.
Ekrani qariyb 7 dyuym bo‘lishi kutilmoqda
Displeyning aniq o‘lchami hozircha ma’lum emas. Biroq insayder foydalanuvchilarning 6,9 yoki qariyb 7 dyuymli ekran haqidagi savoliga qurilma katta panel olishini tasdiqlovchi javob bergan.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 2K aniqlikdagi 7 dyuymli tekis OLED ekran bilan jihozlanishi mumkin.
Dimensity 9500s protsessori
Redmi Turbo 6 Max’da MediaTek Dimensity 9500s chipi qo‘llanishi kutilmoqda.
Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, 3 nm texnologiyada ishlab chiqariladigan Dimensity 9600M hozircha boshqa flagman model uchun mo‘ljallangan. Shu sababli Turbo 6 Max boshqa segmentga yo‘naltirilgan Dimensity 9500s platformasini olishi mumkin. Chipning to‘liq texnik xususiyatlari hali oshkor qilinmagan.
IP68 va IP69 himoyasi ham kutilmoqda
Oldingi sizib chiqqan ma’lumotlarda Redmi Turbo 6 Max metall o‘rta ramka, IP68/IP69 darajasidagi chang va suvdan himoya hamda ekran ostidagi ultratovushli barmoq izi skaneri bilan jihozlanishi aytilgan.
Orqa panelda minimalist ikki kamerali tizim bo‘lishi, kameralar gorizontal joylashtirilishi mumkin.
Redmi Turbo 6 seriyasiga standart Turbo 6 va kuchliroq Turbo 6 Max modellari kirishi kutilmoqda. Qurilma 2027-yil yanvarida taqdim etilishi mumkin, biroq Redmi hozircha bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Redmi 17C 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.