Afg‘onistonda 52 ayol kiyim sababli hibsga olingan — BMT

eʼlon qilindi
Ular kiyinish qoidalariga rioya qilmagani yoki erkak hamrohsiz ko‘chaga chiqqani uchun ushlangan
Manba: iStock

Afg‘onistonda 2026-yil iyul–sentabr oylarida kamida 52 ayol va bir qiz kiyinish qoidalarini buzganlik hamda erkak hamrohsiz jamoat joyiga chiqqanlikda ayblanib hibsga olingan yoki vaqtincha ushlab turilgan. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi ko‘mak missiyasi — UNAMA ma’lum qildi.

Sochi ko‘ringan ayollar ham ushlangan

UNAMA ma’lumotiga ko‘ra, ayollar chador kiymagani, sochi ko‘rinib turgani, rangli ro‘mol yoki pardozdan foydalangani, shuningdek mahramsiz — erkak hamrohsiz jamoat joyiga chiqqani uchun ushlangan.

BMT missiyasi ularning bir necha soat ushlab turilgach qo‘yib yuborilganini bildirdi.

Shu bilan birga, tashkilot qayd etilmagan holatlar sabab haqiqiy ko‘rsatkich bundan yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

BMT hibslarni qoraladi

UNAMA ayollar va qizlarning hibsga olinishi, vaqtincha ushlab turilishi hamda hibs bilan tahdid qilinishidan «jiddiy xavotirda» ekanini bildirdi.

Missiya fikricha, bunday choralar ayollarning erkin harakatlanish, fikr bildirish va mustaqil qaror qabul qilish huquqlarini cheklaydi.

BMT, shuningdek, bunday hibslar an’anaviy afg‘on jamiyatida ayollar uchun jiddiy ijtimoiy bosimga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.

Hirotdagi norozilikda bir kishi halok bo‘lgan

Iyun oyida Hirotda kiyinish qoidalarini buzganlikda ayblangan ayollar hibsga olinishi ortidan norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.

Guvohlar va UNAMA ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochgan. Oqibatda kamida bir kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohatlangan.

Ayollarga bir qator cheklovlar qo‘yilgan

Tolibon 2021-yilda hokimiyatni egallaganidan keyin ayollar va qizlar uchun bir qator cheklovlarni joriy qilgan.

Ular boshlang‘ich ta’limdan keyingi maktablarda o‘qish imkoniyatidan mahrum qilingan, shuningdek kiyinish va jamoat joylarida yurish bo‘yicha talablar kuchaytirilgan.

Jamoat joylarida ayollardan bosh, tana va yuzni yopuvchi kiyim kiyish talab etiladi. Ushbu qoidalarga rioya etilishini Fazilatni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi nazorat qiladi.

Xalqaro jinoiy sud order bergan

Shu hafta Xalqaro jinoiy sud Tolibonning to‘rt nafar yuqori martabali vakiliga nisbatan hibsga olish orderi chiqardi.

Ular Afg‘onistondagi ayollar va qizlarni tizimli ravishda huquqlaridan mahrum etish orqali insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muloqotni davom ettirishi va mamlakatning tinch yo‘l bilan rivojlanishiga ko‘maklashishi zarurligini ta’kidlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek