Jahon iqtisodiyoti sekinlashadi: BMT 2026-yil uchun prognozini e’lon qildi

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) 2026-yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2,6 foizgacha sekinlashishini prognoz qildi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2,9 foizni tashkil etgan. Tashkilot buni Yaqin Sharqdagi mojaro va energiya narxlarining oshishi bilan izohladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Energiya narxlari iqtisodiyotga bosim o‘tkazmoqda
UNCTAD hisobotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi inqiroz jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Energiya narxlarining ko‘tarilishi ishlab chiqarish va savdo xarajatlarini oshirib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiruvchi omillardan biriga aylangan.
Tashkilot tashqi iqtisodiy zarbalarga nisbatan zaiflikni kamaytirish va iqtisodiy barqarorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Jahon savdosi o‘sishda davom etadi
Prognozga ko‘ra, 2026-yilda tovarlar va xizmatlar savdosi real hisobda 4 foizga oshishi mumkin. Biroq bu o‘sishning bir qismi iqtisodiy faollikning kuchayishidan emas, balki energiya narxlarining yuqoriligidan kelib chiqadi.
UNCTAD ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda jahon savdosi qiymati rekord darajadagi 35 trillion dollarga yetgan.
Avvalroq Jahon banki 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,9 foizga o‘sishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.