Raqobat qo‘mitasi kreditdagi ortiqcha to‘lovlar bo‘yicha Markaziy bankka taklif yubordi

Raqobat qo‘mitasi kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘larni asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirish mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Qo‘mita bu borada Markaziy bankka tegishli takliflarni yubordi.
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim banklarda mijoz oylik kredit to‘lovidan ortiqcha pul to‘lasa, bu mablag‘ asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmay, tranzit hisobvaraqlarda qolmoqda. Natijada asosiy qarz miqdori kamaymaydi va unga foiz hisoblash davom etadi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Hamkorbank» kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati ko‘rsatilgan. Biroq amaliyotda bu talab har doim ham bajarilmayotgani aniqlangan.
«Ortiqcha mablag‘lar tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanishi davom etmoqda», — deyiladi qo‘mita axborotida.
Shuningdek, ayrim bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlarini, jumladan muddatidan oldin qarz so‘ndirish jarayonini boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi qayd etilgan.
Amaldagi nizomda nima deyilgan
Shuningdek, o‘qing: Endi banklar kredit xatarlari haqida mijozlarni oldindan ogohlantirishi shart
Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomga ko‘ra, agar kredit shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, oylik to‘lovdan ortiq tushgan mablag‘ asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi kerak.
Shundan so‘ng kredit summasi qayta hisoblanishi lozim. Bank dasturidagi texnik nosozliklar ham mijozning majburiyatlari oshishiga sabab bo‘lmasligi kerak.
Raqobat qo‘mitasi ortiqcha to‘lov asosiy qarzga yo‘naltirilmay, unga foiz hisoblash davom etishini iste’molchilar huquqlarini himoya qilish talablariga zid deb hisoblamoqda.
Markaziy bankka ikki taklif yuborildi
Qo‘mita Markaziy bankka amaldagi nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirishni belgilovchi 37-bandini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Bundan tashqari, kredit hisob-kitoblari va muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunda belgilash taklif etilmoqda.
Boshqa davlatlarda qanday tartib ishlaydi
Qo‘mita xorijiy tajribani ham misol sifatida keltirdi. AQShning ayrim banklarida mijoz mobil ilova orqali «Principal Only», ya’ni faqat asosiy qarzni so‘ndirish variantini tanlab, qo‘shimcha to‘lovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzning asosiy qismiga yo‘naltira oladi.
Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin to‘lash uchun qo‘shimcha haq nazarda tutilmagan. Qozog‘istonda esa kredit muddatidan oldin jarimasiz so‘ndiriladi, qisman to‘lovda oylik to‘lov kamaytirilishi yoki kredit muddati qisqartirilishi mumkin.
Yevropa Ittifoqida muddatidan oldin qarz so‘ndirilganda qolgan davrga tegishli foiz va ayrim xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi banklardan avtokredit va mikroqarz olish qulayligi haqida ma’lumot berilgandi.