Mirziyoyev MDHda kiberjinoyatlarga qarshi qo‘shma markaz tashkil etishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH doirasida transchegaraviy kiberjinoyatlar va firibgarlik sxemalariga qarshi qo‘shma aloqa markazini tashkil etishni taklif qildi. Bu tashabbus 9-oktabr kuni Turkmanistondagi MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ilgari surildi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston Respublikalari rahbarlari, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.
Kiberfiribgarlikka qarshi tezkor hamkorlik taklif qilindi
Mirziyoyev axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik fuqarolar va biznesga zarar yetkazayotgani, shuningdek, moliya tizimlari barqarorligiga xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.
«Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik allaqachon fuqarolar va biznesga jiddiy zarar yetkazmoqda», — dedi Prezident.
Shu munosabat bilan MDH Ichki ishlar vazirlari kengashiga qo‘shma aloqa markazini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi.
Transport va logistika bo‘yicha ham takliflar bildirildi

Mirziyoyev MDH davlatlari o‘rtasida integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini kamaytirish va yuk tashish qoidalarini birxillashtirish tarafdori ekanini bildirdi. Shuningdek, Hamdo‘stlik doirasida yagona transport axborot tizimini shakllantirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklov joriy etilishidan oldin MDH mamlakatlari bir-birini xabardor qilishi va maslahatlashishi mumkin bo‘lgan mexanizm yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Mirziyoyev O‘zbekiston 2027-yilda MDHga raislikni qabul qilishga tayyor ekanini ham bildirdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonga borgani haqida yozgan edi.