Real Sanjikning sud hukmi o‘zgartirilmaydigan bo‘ldi

eʼlon qilindi
Sud hukmi o‘zgartirilmaydigan bo‘ldi
«Real Sanjik» 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida Sanjar Karimovga («Real Sanjik») oid jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni yakuniga yetdi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Hukm o‘z holicha qoldirildi

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tuman sudining S. Karimovni Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) va 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlash) bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish hamda BHMning 400 baravari miqdoridagi jarima jazolari aslicha qoldirilgan.

Shu bilan birga, sudlanuvchi aybdor deb topilgan Jinoyat kodeksi 112-moddasining 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) Jinoyat-prosessual kodeksi 84-moddasi 1-qismining 5-bandiga asosan, ayblilik to‘g‘risida masalani hal qilmasdan tugatilgan.

Ish 240 ming dollarlik uy mojarosidan boshlangan

2024-yil avgustida 1997-yilda tug‘ilgan Sh.R. 1999-yilda tug‘ilgan Sh.A. ismli qizga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik u muammolarini hal qilish uchun qizning uyini garovga qo‘yib turishni taklif qilgan va uyini boshqa fuqaroga – bloger va tadbirkor «Real Sanjik»ka $240 mingga sotgan.

Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida uning boshqa fuqarolarga nisbatan ham firibgarlik holatlarini sodir etgani aniqlangan.

2025-yil 21-noyabr kuni ushbu ish bo‘yicha sud hukmi chiqarilib, Sh.R. 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Real Sanjik uyni bolalar uyiga bermoqchi bo‘lgan

Mojaro jamoatchilik e’tiboriga tushganidan so‘ng Sanjar Karimov $240 mingga sotib olgan hovlini bolalar uyiga ehson qilishini bildirgan. Biroq keyinchalik Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlar taqdim etilmaganini ma’lum qilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2025-yil 28-noyabr kuni Sanjar Karimov o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘lgan.

Hozircha Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha yakuniy hukm qachon e’lon qilinishi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudi «Real Sanjik» nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovga 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va BHMning 410 baravar miqdori (salkam 169 mln so‘m)da jarima tayinlagandi. 

Shuningdek