Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi yakunlandi

eʼlon qilindi
Prezident Toshkentga qaytdi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Tashrif doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan hamkorlik muhokama qilindi

8-oktabr kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, energetika, suv resurslari va ekologiya masalalarini birgalikda hal qilish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi.

Turkmaniston bilan strategik sheriklik mustahkamlanadi

Tashrif davomida O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ularning muhim natijalaridan biri O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. MDH mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Milliy taomlar festivaliga ham tashrif buyurdi.

O‘zbekiston 2027-yilda MDHga raislik qiladi

9-oktabr kuni davlatimiz rahbari MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi. O‘z nutqida savdo va sanoat hamkorligini kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Sammitning kengaytirilgan majlisida O‘zbekistonning 2027-yilda MDHga raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlar ham bayon etildi. Tadbir yakunida tegishli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Prezident Toshkentga qaytdi

Tadbirlar yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida Shavkat Mirziyoyevni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Botir Annayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Toshkentga qaytib keldi.

Avvalroq O‘zbekiston 2027-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek