UzAuto Motors’ga AQSh, Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda

«UzAuto Motors» aksiyadorlik jamiyati va UzAuto Powertrain’ni xususiylashtirish jarayoni ikki yil avval boshlangan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov matbuot anjumanida Kursiv Uzbekistan muxbiriga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kompaniyalarni xususiylashtirishga tayyorlash uchun xalqaro Alvarez & Marsal xalqaro konsultanti tanlov asosida jalb qilingan. Hozirda «UzAuto Motors» AJ aktivlariga AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda.
«Bugungi kunda bizga AQSh, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalaridan qiziqishlar kelib tushmoqda. Lekin bu qaysidir kompaniya UzAuto’ni sotib oladi, degani emas. Savdo ochiq va xalqaro bo‘ladi», — dedi Murodov.
Shuningdek, o‘qing: Xususiylashtirishning yangi bosqichida 84 ta kompaniyadagi davlat ulushi, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqariladi
«UzAuto Motors» AJ ochiq xalqaro savdoga chiqariladi
Agentlik hozir xususiylashtirish strategiyasi va bosqichlarini ishlab chiqmoqda. Keyingi bosqichda savdoni tashkil etuvchi xalqaro konsultant aniqlanadi, aktivlar baholanadi va due diligence — moliyaviy hamda huquqiy tekshiruv o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng potensial investorlarga xalqaro va mahalliy kanallar orqali e’lon beriladi. Qiziqish bildirgan talabgorlar tekshiruvdan o‘tib, avval majburiy bo‘lmagan, keyin esa yakuniy takliflarini taqdim etadi.
«Eng yaxshi taklif bergan investor bilan belgilangan shartlar asosida muzokara olib boriladi. Bunda davlat talablari, litsenziya va alyans shartlari ham hisobga olinadi», — dedi Murodov.
U xususiylashtirishning iqtisodiy samarasiga misol sifatida Coca-Cola Uzbekistan’dagi davlat ulushining $252 mlnga sotilganini keltirdi. Murodovning aytishicha, yangi investor keyinchalik Toshkent, Namangan, Xorazmdagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirgan va Samarqandda yangi zavod qurgan.
Agentlik rahbari xususiylashtirish yangi ish o‘rinlari yaratishi va xususiy sektor faolligini oshirishini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» Xaridor topilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich pasaytirilishi haqida yozgan edi.