Xorijda o‘zbek restorani ochganlar qanday qilib subsidiya olishi mumkin

eʼlon qilindi
Xarajatlarning yarmigacha qoplab beriladi
Foto: Tripadvizor

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar xorijda o‘zbek milliy restorani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizigacha qismini subsidiya sifatida qaytarib olishlari mumkin. Xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya xorijda o‘zbek milliy oshxonasi yoki restorani tashkil etgan tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda restoran ochish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin.

Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun tadbirkor O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Qanday hujjatlar talab qilinadi

Arizaga restoranning xorijda ro‘yxatdan o‘tganini va bino bo‘yicha huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik ma’lumotlari ilova qilinadi.

Shuningdek, amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zarur hollarda O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganiga oid ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi talab etiladi. Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishi aks etgan fotosuratlar ham taqdim qilinishi kerak.

Ariza 18 ish kunida ko‘rib chiqiladi

Tadbirkor subsidiya olish uchun my.gov.uz portali orqali elektron ariza yuborishi mumkin.

Ariza 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘i yetti ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Agar arizada kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta topshirish imkoniyati mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuvaytda ilk o‘zbek milliy taomlari restorani ochilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek