KDB Bank Oʻzbekiston bozorini tark etadimi

Koreya taraqqiyot banki (KDB) «KDB Bank O‘zbekiston»dagi ulushini sotish haqida qaror qabul qilmagan. Bu haqda bank ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirib, rasmiy bayonot berdi.
KDB bankni sotishni rejalashtiryaptimi
Bank bayonotida Koreya taraqqiyot banki xorijdagi filiallari va sho‘ba banklari, jumladan, «KDB Bank O‘zbekiston» faoliyatiga doir strategik masalalarni davriy ravishda qayta ko‘rib chiqishi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistondagi sho‘ba bankidagi ulushini sotish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.
Bank faoliyatini davom ettiradi
«KDB Bank O‘zbekiston» Koreya taraqqiyot bankining xorijdagi muhim sho‘ba banklaridan biri hisoblanadi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, u mazkur bankining doimiy ko‘magi ostida odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, «KDB Bank O‘zbekiston» mamlakat moliya sektorini rivojlantirish va mijozlarga ishonchli, sifatli moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan strategik maqsadlariga sodiq qolishini bildirgan.
Avvalroq «Davr bank» nomini o‘zgartirishi haqida xabar berilgandi.