«Tolibon» bolalarni askarlikka yollamoqda

Afg‘onistonda «Tolibon» va boshqa qurolli guruhlar voyaga yetmagan bolalarni jangovar hamda yordamchi vazifalarga jalb qilmoqda. Bolalardan portlovchi qurilmalarni o‘rnatish, qurol tashish, kuzatuv olib borish va harbiy bazalarni qo‘riqlashda foydalanilayotgani aytilyapti. Bu haqda AQSH Davlat departamentining odam savdosiga oid 2026-yilgi hisobotiga tayanib, Amu TV xabar berdi.
Bolalar maktablardan aldov va majburlash orqali jalb qilinmoqda
Hisobotda qayd etilishicha, «Tolibon» bolalarni Afg‘oniston va Pokistondagi maktablardan aldov yoki majburlash orqali yollamoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlar harbiy tayyorgarlik berilishi aytiladigan jihod madrasalariga jalb qilinayotgani ta’kidlangan.
Bolalar faqat bevosita janglarda emas, balki qurolli guruhlar faoliyatini ta’minlaydigan boshqa ishlarda ham foydalanilmoqda. Ular qurol va boshqa jihozlarni tashish, kuzatuv olib borish, josuslik qilish hamda harbiy bazalarni qo‘riqlashga jalb etilayotgani haqida ma’lumot berilgan.
AQSH Davlat departamenti hisobotida «Tolibon»dan tashqari, «Islomiy davlat» terrorchilik tashkilotining Xuroson bo‘limi va «Milliy qarshilik fronti» ham tilga olingan. Hujjatga ko‘ra, ushbu guruhlar ham voyaga yetmaganlardan jangovar vazifalarda foydalanadi. Jumladan, bolalar qo‘lbola portlovchi qurilmalarni o‘rnatish va portlatishga jalb qilinishi mumkin.
Afg‘oniston odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha eng quyi toifada
AQSH Davlat departamenti Afg‘onistonni odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha baholashda eng quyi – uchinchi toifada qoldirgan. Hisobotda mamlakatdagi tegishli idoralar odam savdosiga barham berish uchun belgilangan minimal standartlarga javob bermayotgani va bu borada yetarlicha sa’y-harakat ko‘rsatmayotgani qayd etilgan.
Hujjatda bolalar va boshqa zaif guruh vakillarining turli shakllardagi ekspluatatsiyasi, jumladan, jinsiy qullik holatlari ham tilga olinadi.
Hisobotda «bachchabozlik» deb ataladigan amaliyot ham qayd etilgan. Unda o‘g‘il bolalar jinsiy ekspluatatsiyaga duchor qilinishi mumkin. Jabrlanuvchilar orasida, xususan, 10 – 18 yoshdagi bolalar borligi aytilgan. Ayrim hollarda ular o‘g‘irlash yoki sotish orqali ekspluatatsiya qilinadi.
58 nafar bola qurolli guruh safidan ozod qilingan
Hisobotga ko‘ra, xalqaro tashkilotlardan biri «Tolibon» bilan muzokaralar olib borib, guruh safida bo‘lgan 58 nafar bolani ozod qilishga erishgan. Shuningdek, ularning jamiyatga qayta moslashishiga yordam ko‘rsatilgan.
Hujjatda «Tolibon» tarkibida bolalarni aniqlash va qurolli tuzilmalardan chiqarish bilan shug‘ullanuvchi komissiya mavjudligi ham qayd etilgan. Biroq AQSh Davlat departamenti bolalarni jangovar va yordamchi vazifalarga noqonuniy jalb qilishning oldini olish uchun amalda yetarli choralar ko‘rilmaganini ta’kidlagan.
Avvalroq Afg‘onistonda 2026-yil iyul – sentabr oylarida kamida 52 ayol va bir qiz kiyinish qoidalarini buzganlik hamda erkak hamrohsiz jamoat joyiga chiqqanlikda ayblanib hibsga olingan yoki vaqtincha ushlab turilgandi.