Tramp va Putin telefon orqali gaplashdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tramp Rossiya AQSH va jahon bozoriga yuz minglab tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berishini ma’lum qildi
Donald Tramp va Vladimir Putin Budapeshtda uchrashuv o‘tkazadi
Foto: CNN

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar, Eron bilan bog‘liq vaziyat va energetika hamkorligi muhokama qilindi. Tramp Rossiya AQSh va jahon bozoriga yuz minglab tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Rossiya 300 ming tonnadan ortiq dizel yetkazib berishi mumkin

Trampning aytishicha, telefon suhbati davomida Rossiya bilan dizel yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Dastlabki bosqichda 300 ming tonnadan ortiq dizel yoqilg‘isi AQSH va jahon bozoriga chiqarilishi rejalashtirilgan.

AQSh prezidenti keyingi yetkazib berishlar haqida ham ma’lumot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyida yana 500 ming tonna, undan keyin esa 1 mln tonna dizel yetkazib berilishi mumkin. Keyingi hajmlar Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarining imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Tramp ushbu kelishuv yoqilg‘i narxlarini pasaytirishga yordam berishini kutmoqda. Biroq tahlilchilar kelishuvning bozor narxlariga ta’siri cheklangan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh moliya vazirligi Rossiya dizelini import qilishga 2027-yil 7-aprelgacha ruxsat beruvchi litsenziya chiqargan.

Ukraina bilan muzokaralar qachon boshlanishi noma’lum

Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Putin suhbatda Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni darhol qayta boshlash imkoniyati murakkablashganini aytgan.

Rossiya tomonining talqiniga ko‘ra, Ukrainada o‘tgan oy parlament saylovlari vaqtida Moskva va boshqa hududlarga uyushtirilgan dron hujumlari muzokaralar jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Kreml Kiyevning ushbu harakatlari AQSh, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi muzokaralarni tez orada qayta boshlash imkoniyatini susaytirganini ta’kidlamoqda.

Ushakovning aytishicha, endilikda muzokaralarni qachon tiklash mumkinligi ko‘rib chiqiladi. Demak, telefon suhbati o‘tkazilganiga qaramay, muzokaralar boshlanishining aniq sanasi hozircha e’lon qilinmagan.

Eron masalasi ham muhokama qilingan

Kreml vakilining ma’lumotiga ko‘ra, Putin va Tramp Ukraina bilan bir qatorda Eron bilan bog‘liq vaziyatni ham muhokama qilgan. Rossiya tomoni ikki mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatiga tayyor ekanini bildirgan.

Biroq suhbat yakunlari bo‘yicha Ukraina masalasida aniq kelishuvga erishilgani yoki tinchlik bitimi bo‘yicha yangi muddat belgilanganini tasdiqlovchi ma’lumot berilmagan.

Dizel kelishuvi Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida tuzildi

Dizel yetkazib berish haqidagi e’lon AQSh Rossiyaning energetika daromadlarini cheklashga qaratilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan bir paytda yangradi. Bu choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab joriy qilingan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kelishuvni tanqid qildi. Uning fikricha, Rossiyaga yoqilg‘i sotish imkoniyatini berish Moskvaning urushni davom ettirishiga yordam berishi mumkin. AQShdagi ayrim qonunchilar ham sanksiyalarni yumshatish qaroriga qarshi chiqdi.

Reuters suhbatdan keyin dizel fyucherslari narxi pasayganini yozdi. Shunga qaramay, tahlilchilar kelishuv yoqilg‘i bozoridagi taqchillikni to‘liq bartaraf etishi yoki narxlarning uzoq muddat pasayishini ta’minlashi kutilmayotganini ta’kidlagan.

Avvalroq Jahon bozorida neft narxi 9-oktabr kuni pasaygandi. Bunga AQSh prezidenti Donald Trampning noyabr oyidagi oraliq saylovlargacha Eronga hujum uyushtirilmasligi haqidagi bayonoti va ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar borayotgani haqidagi ma’lumotlar ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek