Shohrux Xonning O‘zbekistonga kelishi rostmi — tafsilot

11-oktabr 2026 17:02 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Shohrux Xonning O‘zbekistonga kelishi rostmi — tafsilot
Foto: Instagram/ @iamsrk

Hindistonlik mashhur aktyor Shohrux Xonning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Sevimli TV jurnalisti Jahongir Olimov bilan suhbatda ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, muzokaralar Shohrux Xon bilan bir qatorda mashhur hind kinoprodyuseri Karan Johar bilan ham davom etmoqda.

Shohrux Xon O‘zbekistonga kelishga qiziqish bildirgan

Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, hind ijodkorlarining O‘zbekistonga kelishga qiziqishi yuqori.

«Shohrux Xon ham, Karan Johar ham — bir jamoaning ijodkorlari. Hozir ular bilan kelishuvlar olib borilyapti. Ularning O‘zbekistonga kelishga qiziqishi juda yuqori», — dedi vazir.

Uning aytishicha, tashrif doirasida yosh kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar va mahorat darslari tashkil etilishi ham muhokama qilinmoqda.

Konsert o‘tkazish taklifi ham bor

Ozodbek Nazarbekov Shohrux Xon katta maydon bo‘lsa, O‘zbekistonda konsert o‘tkazishga ham tayyor ekanini bildirganini aytdi.

«Agar kattaroq maydon bo‘lsa, Shohrux Xon konsert o‘tkazishga ham o‘zi taklif bildiryapti», — dedi Nazarbekov.

Vazir ayni paytda muzokaralar hali yakunlanmaganini, shu sababli tashrif bo‘yicha aniq sana yoki dastur e’lon qilishga erta ekanini ta’kidladi.

Kelishuv bo‘lsa, rasmiy e’lon qilinadi

Nazarbekov Shohrux Xon O‘zbekistonda juda mashhur ekanini qayd etib, masala bo‘yicha ortiqcha va’da bermaslik kerakligini aytdi.

«Xalqimiz Shohrux Xonni juda yaxshi ko‘radi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha kutadi. Shuning uchun kelishuvga erishgan kunimiz, buni albatta xalqimizga e’lon qilamiz», — dedi vazir.

Hozircha Shohrux Xon va Karan Joharning O‘zbekistonga tashrif sanasi rasman tasdiqlanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan MrBeast Toshkentda muxlislariga pul tarqatgani haqida yozgan edi.

Shuningdek