Tramp Ukrainaga yangi prezident saylashni taklif qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar kelishi kerakligini aytdi. U bu fikrini Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda bildirdi.
«Men ularga kelishuvga erisha oladigan yangi rahbar kerak, deb hisoblayman», – dedi Tramp Zelenskiy haqida.
Trampning ta’kidlashicha, Zelenskiy urushni tugatish uchun yetarlicha ish qilmagan. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Ukraina hududining 30 foizi yo‘qotilganini va ikki tomondan 2 mln dan ortiq odamlar halok bo‘lganini da’vo qildi. DW bu raqamlar mustaqil baholardan farq qilishini qayd etgan: xalqaro hisob-kitoblarda Rossiya nazoratidagi hudud ulushi taxminan 20 foiz deb baholanadi.
Tramp neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermaslikni so‘radi
AQSh prezidenti Ukrainani Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatishga ham chaqirdi.
«Rossiyaga qarshi nima xohlasang qil, lekin zavodlarga zarba berma», – degan Tramp Zelenskiyga aytgan gapini eslab.
Bu bayonot AQSh Rossiya dizelini yana jahon bozoriga chiqarishga ruxsat berganidan keyin yangradi. Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi kelishuv doirasida Rossiyadan AQSh va global bozorga 300 ming tonnadan ortiq dizel yetkazib berilishi kutilmoqda. AQSh Rossiya yonilg‘isiga qarshi ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan.
Zelenskiy dizel bo‘yicha kelishuvni tanqid qildi
Zelenskiy AQSh va Rossiya o‘rtasidagi dizel bo‘yicha kelishuvni tanqid qilib, bu qaror Moskvaning urushni davom ettirishiga qo‘shimcha mablag‘ berishi mumkinligini aytdi.
Tramp esa so‘nggi haftalarda AQShdagi dizel narxlarining oshishini Ukraina tomonidan Rossiya energetika infratuzilmasiga berilayotgan zarbalar bilan ham bog‘lab kelmoqda.
Rossiya Trampning bayonotini qo‘llab-quvvatladi
Kremlning maxsus iqtisodiy vakili Kirill Dmitriyev Trampning Zelenskiyni almashtirish haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi.
Bu bayonotlar Rossiyaning Zaporijjya viloyatiga bergan zarbalari fonida yangradi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarda kamida 20 kishi halok bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp va Putin telefon orqali gaplashgani haqida yozgan edi.