Ar-Riyod aeroportiga ikkinchi hujumda bir kishi halok bo‘ldi

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga 11-oktabr kuni yana hujum qilindi. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lgan shaxs Pokiston fuqarosi bo‘lgan.
Bu aeroportga ketma-ket ikkinchi kun amalga oshirilgan hujum bo‘ldi. Bir kun avvalgi zarbada kamida 12 kishi halok bo‘lgan va 300 dan ortiq odamlar jarohatlangan. Keyingi ma’lumotlarda qurbonlar soni 13 nafarga yetgani ham xabar qilindi.
Qanotli raketa urib tushirilgan
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya vakilining ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimlari aeroport yaqinida qanotli raketani tutib qolgan.
Saudiya fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Podshoh Xolid aeroporti yakshanba kuni tushdan keyin yangi hujumga uchraganini tasdiqladi.
Husiylar hujumlar uchun javobgarlikni oldi
Yamandagi husiylar so‘nggi 24 soat ichida ballistik va qanotli raketalar hamda dronlar yordamida to‘rtta operatsiya o‘tkazganini ma’lum qildi.
Guruh vakillariga ko‘ra, Ar-Riyod aeroportiga bir necha marta, Saudiya Arabistonining sharqidagi Dammam aeroportiga va Saudi Aramco’ga tegishli ikkita obyektga hujum qilingan. Saudiya hukumati Dammam aeroportiga hujum bo‘lganini ham tasdiqladi.
O‘zbekiston hujumni qoralagan edi
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan amalga oshirilgan hujumni qat’iy qoralagani haqida yozgandi.
TIV Saudiya Arabistonining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, barcha tomonlarni keskinlikni kuchaytirmaslikka hamda kelishmovchiliklarni muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etishga chaqirgan.